Qashqadaryo viloyatida ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan 856 nafar talabaning oliy ta’lim uchun kontrakt to‘lovlarini qoplashga jami 3 milliard 780 million 600 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov tomonidan ehtiyojmand oilalar farzandlarining oliy ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qaror qabul qilingan.
Unga ko‘ra, 856 nafar talaba-yoshning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun jami 3 milliard 780 million 600 ming so‘m miqdorida kontrakt mablag‘lari ajratilgan.
Mazkur mablag‘lar oilaviy sharoiti sabab kontrakt to‘lovlarini amalga oshirishda qiyinchilikka duch kelayotgan talabalarga ko‘mak berishga yo‘naltiriladi.
Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, tashabbus yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun sharoitlarni kengaytirish hamda ularning bilim va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Ushbu tashabbus Mustaqillikning 35 yilligi arafasida Qashqadaryoda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar doirasida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq, Prezident qarori bilan 15 yillik ish stajiga ega tibbiyot xodimlarining farzandlariga kontrakt uchun subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edik.
