Kelasi yildan Michigan universitetining birinchi kurs talabalari uchun ilk semestrda olingan harfli baholar yakuniy akademik natijalariga kiritilmaydi. Universitet rahbariyati bu orqali oliy ta’limda talabalar orasida kuzatilayotgan ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni kamaytirishning yangi usulini sinab ko‘rmoqchi.
2027-yil kuzidan boshlab Michigan universitetining Adabiyot, fan va san’at kolleji (LSA)da birinchi kursning ilk semestrida olingan baholar talabalarning akademik qaydnomasida harfli baholar o‘rniga “o‘tdi” yoki “o‘tmadi” shaklida ko‘rsatiladi.
Bu tartibdan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz — birinchi kurs talabalarining kollejdagi yangi talablarga moslashishiga yordam berish ularning shaxsiy qiziqishlari va ichki motivatsiyasi asosida akademik yo‘nalish tanlashiga imkon yaratishdan iborat, — deyiladi universitet xabarida.
Michigan universitetidagi 19 ta kollej orasida eng yirigi bo‘lgan LSA’da qariyb 19 700 nafar bakalavriat talabasi tahsil oladi.
Yangi tartibga ko‘ra, talabalar semestr davomida odatdagidek harfli baholar oladi. Biroq semestr yakunida ushbu baholar ularning umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga, ya’ni GPA baliga ta’sir qilmaydi. Buning o‘rniga qaydnomada “P” (o‘tdi) yoki “NC” (o‘tmadi) belgisi ko‘rsatiladi.
Universitet vakillarining fikricha, bu yondashuv talabalar uchun akademik izlanishlarda ko‘proq erkinlik yaratadi. Masalan, ular o‘zlari uchun qiyin bo‘lgan fanlarni yoki ilgari o‘rganmagan yangi yo‘nalishlarni past baho olishdan xavotirlanmasdan tanlashlari mumkin bo‘ladi.
Xususan, bu orqali talabalar farovonligi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, raqobatdan ko‘ra hamkorlik va o‘zaro yordamga asoslangan muhit yaratishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, universitet talabalarining haqiqiy baholari butunlay yo‘qolib ketmaydi. Birinchi semestrdagi baholar ichki ma’muriy maqsadlarda saqlab qolinadi. Ulardan akademik maslahat berish, mukofot va stipendiyalar tayinlash, amaliyot va boshqa ish o‘rinlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish, sport musobaqalarida ishtirok etish huquqini aniqlash, o‘zlashtirishni kuzatish hamda moliyaviy yordam ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda foydalaniladi.
2027-yil uchun belgilangan ushbu siyosat faqat gumanitar va ijtimoiy fanlar yo‘nalishidagi fakultetga qabul qilingan birinchi kurs talabalariga taalluqli bo‘ladi. Talabalar uchun ushbu tartibdan ixtiyoriy foydalanish yoki undan voz kechish imkoniyati mavjud emasligini bildirdi.
Universitet vakillarining fikricha, tartib ixtiyoriy bo‘lganida talabalarni kampus hayotiga moslashtirish, ularning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash va o‘qishga bo‘lgan ichki motivatsiyasini kuchaytirish — to‘liq amalga oshmasligi mumkin.
Michigan universiteti AQShda birinchi kurs baholariga nisbatan shunday yondashuvni joriy qilayotgan yagona oliygoh emas. “Massachusetts Institute of Technology”, “Swarthmore College” va “California Institute of Technology” kabi ayrim ta’lim muassasalarida ham shunga o‘xshash choralar qo‘llanadi.
Biroq tashabbusga nisbatan tanqidiy fikrlar ham mavjud. Psixoterapevt Jonathan Alpertning fikricha, bunday yondashuv kutilganidan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, talabalarni har qanday noqulaylik yoki stress xavfli holat sifatida qabul qilishga o‘rgatish to‘g‘ri emas. Uning fikricha, past baho yoqimsiz yoki stressli bo‘lishi mumkin, ammo uni ruhiy salomatlik bilan bog‘liq favqulodda vaziyat deb baholash kerak emas.
Psixoterapevtning aytishicha, universitetdagi ilk semestr bosimini kamaytirishga qaratilgan bunday yondashuv talabalarni kelajakdagi hayot va ish muhitidagi qiyinchiliklarga tayyorlashga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yomon baho psixologik zarar yetkazmaydi. Ba’zan u talabaga kerak bo‘lgan ogohlantiruvchi signal bo‘lishi mumkin, — deya ta’kidlagan u.
Avvalroq, Latviya Oliy ta’lim eksporti assotsiatsiyasi Ta’lim va fan vazirligi taklif qilgan xorijlik talabalar uchun SAT imtihonini majburiy qilish bo‘yicha qaror loyihasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgani haqida xabar bergan edik.


