Talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun arizalar qachongacha qabul qilinadi?

Talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun arizalar qachongacha qabul qilinadi?

Talabalar turar joyiga joylashish uchun arizalar har yili 1-avgustdan oʻquv yili yakuniga qadar qabul qilinadi. Joriy yildan esa yotoqxonaga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari yagona xizmatga birlashtirilgan.

 

Davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joyiga joylashish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan belgilangan.

 

Nizomga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun arizalar har yili 1-avgustdan o‘quv yili yakuniga qadar my.gov.uz portali orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

 

Ariza ko‘rib chiqilgach, tizim talabani imtiyozli yoki umumiy ro‘yxatga kiritadi. Bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lsa, elektron yo‘llanma shakllantiriladi, bo‘sh o‘rin bo‘lmasa, talaba navbatga qo‘yiladi. Navbat holatini ham onlayn kuzatish mumkin.

 

Avvalo quyidagi toifadagi talabalar talabalar turar joylariga joylashtiriladi:

 

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;
  • “Ijtimoiy reyestr”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari;
  • I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;
  • bir oiladan ikki yoki undan ortiq farzandi kunduzgi toʻlov-shartnoma asosida tahsil olayotgan oilalar farzandlari;
  • xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari;
  • “Yil talabasi”, “Talabalar teatr studiyalari” hamda “Zakovat” respublika bosqichi gʻoliblari;
  • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi va qavat sardori boʻlgan talabalar.

 

Shuningdek, birinchi kurs talabalari ariza topshirishi uchun avvalo oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilgan bo‘lishi kerak. Nizomga muvofiq, 1-kursga tavsiya etilgan talabalar haqidagi ma’lumotlar Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Shu sababli mandat e’lon qilinmasdan turib birinchi kurs abituriyentlari yotoqxona uchun ariza yubora olmaydi.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yildan boshlab talabalar turar joyiga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari yagona xizmatga birlashtirilgan. Endilikda talabalar vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish uchun alohida hujjatlar tayyorlashi yoki boshqa idoralarga murojaat qilishi shart emas.

 

Ariza ma’qullanib, elektron shartnoma bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgach, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayoni avtomatik tarzda ishga tushadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun belgilangan to‘lov to‘langach, talabaga turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olingani to‘g‘risidagi elektron qayd varag‘i taqdim etiladi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish