Oliy taʼlim muassasasiga tavsiya etilgan birinchi kurs talabalari talabalar turar joyiga joylashish uchun arizani faqat mandat eʼlon qilingandan keyin topshirishi mumkin. Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.
Davlat OTMlarida talabalar turar joyiga joylashish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan belgilangan.
Qarorga koʻra, talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1-avgustdan oʻquv yili yakuniga qadar davom etadi. Biroq birinchi kurs talabalari ariza berishi uchun avvalo oliy taʼlim muassasasiga talabalikka tavsiya etilishi kerak.
Nizomga muvofiq, 1-kursga tavsiya etilgan talabalar haqidagi maʼlumotlar Bilim va malakalarni baholash agentligining axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tekshiriladi. Shu sababli mandat eʼlon qilinmasdan turib birinchi kurs abituriyentlari yotoqxona uchun ariza yubora olmaydi.
Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali elektron shaklda topshiriladi.
Ariza yuborilgach, tizim talabani imtiyozli yoki umumiy roʻyxatga kiritadi. Boʻsh oʻrin mavjud boʻlsa, elektron yoʻllanma shakllantiriladi, boʻsh oʻrin boʻlmasa, talaba navbatga qoʻyiladi. Navbat holatini onlayn kuzatish ham mumkin.
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
— “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;
— Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
— I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;
— bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari;
— xalqaro fan olimpiadalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;
— “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan talabalar;
— oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;
— talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar.
Reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi. Shundan soʻng, umumiy roʻyxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan oʻrinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
— 1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foiz;
— 2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foiz;
— 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.
Yaʼni, kvotadan kelib chiqib, birinchi kurs talabalari uchun belgilangan oʻrinlar saqlab turiladi va qabul yakunlanib, mandat chiqqandan soʻng birinchi kurs talabalari ariza berishlari mumkin boʻladi.
