Abituriyentlar uchun oliy taʼlim yoʻnalishlarini tanlash jarayoni yakunlanishiga 5 kun qoldi. Talimxabarlari.uz Bilim va malakalarni baholash agentligining ochiq statistikasi asosida abituriyentlar tanlagan fan majmualarida eng yuqori ball qayd etilgan yoʻnalishlarni tahlil qildi.
Oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlarini tanlash jarayoni yakunlanishiga atigi besh kun qoldi. Ayni paytda koʻplab abituriyentlar oʻz imkoniyatlarini baholab, qaysi OTM va yoʻnalishni tanlash ustida bosh qotirmoqda.
Shu munosabat bilan Talimxabarlari.uz Bilim va malakalarni baholash agentligining ochiq statistik maʼlumotlarini tahlil qildi. Tahlilda 189 ball va undan yuqori natija qayd etilgan abituriyentlar tanlagan fan majmualari tahlil qilindi.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, barcha fan majmualarida ham 189 ball va undan yuqori natija qayd etilmagan. Ayrim yoʻnalishlarda eng yuqori natija 180 ballga ham yetmagan boʻlsa, ayrim fan majmualarida esa mingdan ortiq abituriyent 189 va undan yuqori ball toʻplashga muvaffaq boʻlgan.
Eng yuqori natija — 217,4 ball quyidagi fan majmualarida kuzatilgan:
— Matematika + chet tili;
— Matematika + fizika;
— Tarix + chet tili.
189 ball va undan yuqori natija eng koʻp qayd etilgan fan majmualari:
| Fan majmuasi | 189 ball olganlar | Eng yuqori ball |
|---|---|---|
| Matematika + chet tili | 1 273 nafar | 217,4 |
| Tarix + chet tili | 690 nafar | 217,4 |
| Ona tili va adabiyoti + chet tili | 620 nafar | 189 |
| Matematika + fizika | 198 nafar | 217,4 |
| Davlat va huquq asoslari + chet tili | 54 nafar | 205,8 |
| Fizika + chet tili | 13 nafar | 200,9 |
| Tarix + biologiya | 7 nafar | 189 |
| Kimyo + biologiya | 2 nafar | 189 |
| Ona tili va adabiyoti + matematika | 2 nafar | 189 |
| Tarix + ona tili va adabiyoti | 2 nafar | 193,3 |
| Kimyo + matematika | 1 nafar | 189 |
| Tarix + matematika | 1 nafar | 189 |
Tahlillarga koʻra, quyidagi fan majmualarida 189 ball va undan yuqori natija qayd etilmagan:
- Geografiya + matematika (eng yuqori ball — 179,1);
- Matematika + geografiya (eng yuqori ball — 156,6);
- Matematika + ona tili va adabiyoti (eng yuqori ball — 181,9);
- Kasbiy (ijodiy) imtihon + chet tili (eng yuqori ball — 179,4);
- Kasbiy (ijodiy) imtihon + ona tili va adabiyoti (eng yuqori ball — 168,8).
Mazkur statistika qabul natijalarini oldindan belgilab bermaydi. Biroq u ayrim fan majmualarida yuqori ball toʻplagan abituriyentlar soni sezilarli darajada koʻpligini koʻrsatadi. Bu esa ayniqsa grant va yuqori reytingdagi yoʻnalishlarda raqobatning kuchli boʻlishidan dalolat beradi.
Eslatib oʻtamiz, abituriyentlar 8-avgust (shu kuni ham) qadar oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli hamda tanlov ustuvorligini belgilashi lozim.
Avvalroq Talimxabarlari.uz abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida qabulning ushbu bosqichiga oid eng muhim yo’riqnoma, tushuntirish va foydali ma’lumotlarni bir joyga jamlagan edi.
