1-avgustdan boshlab maktablarga oid ayrim davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Endilikda o‘quvchini boshqa maktabga o‘tkazish, chet el fuqarolari hamda chet elda ta’lim olgan O‘zbekiston fuqarolari farzandlarini davlat maktablariga qabul qilish bo‘yicha arizalarni onlayn yuborish mumkin.
Joriy yil 1-avgustdan boshlab, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida maktablarga oid qator davlat xizmatlari elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Endilikda ota-onalar:
– farzandini bir davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish;
– chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlarini davlat maktablariga qabul qilish;
– O‘zbekiston fuqarolarining chet elda ta’lim olgan farzandlarini umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha arizalarni onlayn yuborishlari mumkin.
Murojaatlar vazirlikning my.maktab.uz elektron platformasi hamda my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Avvalroq, 1-sinf qabuliga doir ota-onalarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga javob bergan edik.
