Rossiyada abituriyentlarga urushda xizmat evaziga bepul ta’lim taklif etilmoqda

Rossiyada abituriyentlarga urushda xizmat evaziga bepul ta’lim taklif etilmoqda

Rossiyaning Butunrossiya davlat kinematografiya instituti operatorlik fakultetiga hujjat topshirayotgan abituriyentlarga urushda qatnashish uchun Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish evaziga bepul o‘qish va qator imtiyozlarni taklif qilmoqda. Bu haqda “Эхо” nashri operatorlik fakultetining “ВКонтакте” sahifasida e’lon qilingan ma’lumotga tayanib xabar berdi.

 

Rossiyaning Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (ВГИК) operatorlik fakultetiga hujjat topshirayotgan abituriyentlarga 2027-o‘quv yilidan boshlab bepul ta’lim olish imkoniyatini taklif qilmoqda. Buning uchun nomzodlar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) qo‘shinlarida bir yil xizmat qilish bo‘yicha shartnoma imzolashi kerak.

 

Qayd etilishicha, e’londa operator Mixail Agranovich ustaxonasining “maxsus guruhi”ga qabul qilinadigan abituriyentlar uchun mazkur shartlar taklif etilgani aytiladi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan talabalar bepul yotoqxona, jangovar harakatlar faxriysi maqomi va unga tegishli imtiyozlarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ularga talabalik davridagi suratga olish ishlari uchun qo‘shimcha texnik hamda moliyaviy imkoniyatlar ham va’da qilingan.

 

E’londa shuningdek, shartnoma asosidagi xizmat muddatli harbiy xizmatga tenglashtirilishi qayd etilgan. Biroq amaldagi tartibga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan harbiy shartnomalar 2022-yil sentyabr oyida e’lon qilingan “qisman safarbarlik” bekor qilinmaguncha avtomatik ravishda uzaytiriladi.

 

Nashrning yozishicha, so‘nggi yillarda Rossiyadagi ayrim oliy ta’lim muassasalari talabalar va abituriyentlarni shartnoma asosidagi harbiy xizmatga jalb qilish maqsadida bepul ta’lim, pul mukofotlari va boshqa imtiyozlarni taklif qilib kelmoqda.

 

2026-yilda Rossiya Federatsiyasining Fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov mamlakatdagi universitet va kollejlar rahbarlaridan talabalarining 2 foizini Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun harbiy xizmatga jalb qilish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabarlar tarqalgan.

 

Shuningdek, 2026-yil yozida Oliy iqtisodiyot maktabi ham BARS (jangovar armiya zaxirasi) bo‘linmalari va uchuvchisiz uchish apparatlari qo‘shinlarida bir yillik maxsus shartnoma asosida xizmat qilganlarga bepul ta’lim berilishini va’da qilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish