Maktablarda dars soatlarini taqsimlashdagi o‘zgarishlar yuzasidan MMTV rasmiy izoh berdi

Maktablarda dars soatlarini taqsimlashdagi o‘zgarishlar yuzasidan MMTV rasmiy izoh berdi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini taqsimlash tartibiga oid tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, yangi tartibning asosiy maqsadi o‘qituvchilarning ish yuklamasini kamaytirish, dars soatlarini taqsimlash mezonlarini soddalashtirish hamda jarayonni yanada shaffof va adolatli tashkil etishdan iborat.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini taqsimlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

 

Qayd etilishicha, 2025-yil 28-oktyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Mazkur hujjat Adliya vazirligida 3271-1-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

 

Qayd etilishicha, mazkur o‘zgartirishlarning asosiy maqsadi o‘qituvchilarning ish yuklamasini kamaytirish, dars soatlarini taqsimlash talablarini soddalashtirish hamda jarayonni yanada shaffof va adolatli tashkil etishdan iborat.

 

Shuningdek, avval amal qilgan 19 ta ustuvorlik mezoni 10 tagacha qisqartirilgani ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, bu o‘zgarishlar ko‘plab pedagoglarning takliflari asosida ishlab chiqilgan.

 

Yangi tartibda barcha o‘qituvchilar uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida TOP-1000 talikka kiruvchi xorijiy universitetlarni tamomlaganlik yoki xalqaro hamda asosiy fan olimpiadalarida o‘quvchilari g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi kabi mezonlar bekor qilingan. Vazirlik buni bunday imkoniyatlardan barcha pedagoglar foydalana olmasligi bilan izohladi.

 

Endilikda dars soatlarini taqsimlashda asosiy e’tibor o‘qituvchining kasbiy salohiyati, natijalari, milliy yoki xalqaro sertifikatlari hamda zamonaviy kompetensiyalariga qaratiladi.

 

Xususan, barcha oʻqituvchilar uchun birdek imkoniyat yaratish maqsadida “TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan oʻqituvchilar” yoki “Xalqaro va asosiy fan olimpiadalarida oʻquvchilari gʻolib boʻlgan oʻqituvchilar” kabi mezonlar chiqarib tashlandi. Sababi bunday imkoniyatlardan har bir pedagog foydalana olmaydi.

Shu bois, yangi tartib boʻyicha dars soatlarini taqsimot qilishda asosiy eʼtibor natija koʻrsatgan raqabatdosh hamda fanni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlarga va zamonaviy kompetensiyalarga ega oʻqituvchining kasbiy salohiyati va natijasiga qaratilgan.

Natijada dars soatlarini taqsimlashda oʻz ustida ishlaydigan, yuqori kasbiy mahoratga ega boʻlgan va sifatli taʼlim bera oladigan oʻqituvchilarga birinchi navbatda dars soatlari berish imkoniyati yaratiladi. Bu orqali tajribali oʻqituvchilar tomonidan sifatli taʼlim berilishi taʼminlanadi, shuningdek, oʻquvchilarning bilim natijalarini yaxshilash hamda maktablarda taʼlim sifati oshishiga xizmat qiladi.

Yangi oʻquv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladigan mazkur tartib maktablarda dars soatlari taqsimotida pedagogning kasbiy salohiyatini munosib baholash, natijaga asoslangan kadrlar tayyorlash siyosati yoʻlga qo‘yishda muhim jihatdir, – deyiladi vazirlik xabarida.

 

Avvalroq, mazkur Nizom bo‘yicha yangi o‘quv yilidan yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflardan dars soati olmasligi haqida xabar bergan edik.