AQSH hukumati xorijlik talabalar, madaniy almashinuv dasturi ishtirokchilari hamda jurnalistlar uchun viza muddatlarini cheklovchi yangi qoidalarni qabul qildi. Yangi tartib kuchga kirsa, talabalar vizasi eng ko‘pi bilan 4 yilga, jurnalistlar vizasi esa 240 kungacha beriladi.
AQSH Ichki xavfsizlik departamenti (DHS) tomonidan qabul qilingan yakuniy qoidaga ko‘ra, xalqaro talabalar uchun beriladigan F vizasi, madaniy almashinuv dasturlari ishtirokchilari uchun J vizasi hamda xorijiy OAV vakillari uchun I vizasi endilikda aniq muddat bilan rasmiylashtiriladi.
Hozir amalda bo‘lgan tartibda ushbu vizalar ta’lim dasturi yoki ish faoliyati davom etgan muddatgacha amal qilar edi.
Yangi qoidalarga ko‘ra:
- xalqaro talabalar va almashinuv dasturi ishtirokchilari vizasi eng ko‘pi bilan 4 yil muddatga beriladi;
- xorijiy jurnalistlar vizasi 240 kungacha amal qiladi;
- Xitoy fuqarolari bo‘lgan jurnalistlar uchun esa viza muddati 90 kun etib belgilanadi.
Mazkur tartib Federal reyestrda e’lon qilinganidan so‘ng 60 kundan keyin, Kongress ko‘rib chiqishidan o‘tgan holda kuchga kiradi.
Shuningdek, yangi qoidalar magistratura va doktorantura bosqichidagi talabalarga ham qo‘shimcha talablarni joriy etadi. Jumladan, ularga ruxsatsiz boshqa ta’lim muassasasiga o‘tish yoki ta’lim maqsadini o‘zgartirish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, o‘qishni tamomlagan talabalar AQSHni tark etishi yoki boshqa maqomga o‘tishi uchun beriladigan muddat 60 kundan 30 kunga qisqartiriladi. Agar ular mamlakatda qolishni istasa, vizani uzaytirish uchun DHSga murojaat qilishi yoki AQSHdan chiqib, qayta kirish orqali yangi ruxsat olishi kerak bo‘ladi.
AQSH Ichki xavfsizlik departamenti mazkur o‘zgarishlarni so‘nggi yillarda talabalar vizasi bilan mamlakatga kiruvchilar sonining keskin oshgani bilan izohladi. Departament ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda 1,8 milliondan ortiq talabalar vizasi bo‘yicha kirish holati qayd etilgan, bu avvalgi yilga nisbatan 11 foizga ko‘pdir.
Shuningdek, 2024-moliya yilida AQSH 500 mingdan ortiq almashinuv dasturi ishtirokchilari va 37 mingdan ziyod xorijiy OAV vakillariga viza bergan.
Biroq yangi qoidalar ayrim ekspertlar tanqidiga uchramoqda. AQSH Ichki xavfsizlik departamentining sobiq amaldori Doug Rand hamda Cato Institute immigratsiya tadqiqotlari direktori David J. Bierning fikricha, mazkur cheklovlar xalqaro talabalar va jurnalistlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa yangi tartibni ‘‘kamsituvchi’’ deb baholab, AQSHni xitoylik jurnalistlarga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi.
Avvalroq, Janubiy Koreyadagi har 9 nafar xalqaro talabadan biri viza muddatini o‘tkazib yuborish yoki ruxsat etilmagan joylarda ishlash tufayli noqonuniy migrantga aylangani haqida xabar bergan edik.
