Fargʻonada 17 nafar bolaga noqonuniy diniy taʼlim berilgan yana bir yashirin hujra aniqlandi

Fargʻonada 17 nafar bolaga noqonuniy diniy taʼlim berilgan yana bir yashirin hujra aniqlandi

Oltiariq tumanida yashirin hujrada 17 nafar bolaga noqonuniy diniy taʼlim berilgani aniqlandi. Tergov maʼlumotlariga koʻra, bolalarga moddiy manfaat evaziga taʼlim berilgan va ularga nisbatan jismoniy zoʻravonlik qoʻllangan.

 

Joriy yilning 4-iyul kuni Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida Ichki ishlar boʻlimi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan profilaktik tadbir davomida yashirin hujra faoliyati aniqlandi.

 

Maʼlum qilinishicha, Oqboʻyra mahallasida yashovchi 1979-yilda tugʻilgan fuqaro oʻz xonadonida noqonuniy diniy taʼlim tashkil etib, 17 nafar bolaga moddiy manfaat evaziga saboq berib kelgan.

 

Bolalarning 3 nafari Tojikiston Respublikasidan kelgan boʻlsa, qolganlari Oltiariq, Rishton va Qoʻshtepa tumanlarida yashovchi voyaga yetmagan bolalar ekani qayd etilgan.

 

Dastlabki tergov maʼlumotlariga koʻra, ushbu shaxs har bir bola uchun oyiga 1 mln soʻmgacha haq olgan. Shuningdek, taʼlim jarayonida bolalarga nisbatan muntazam ravishda jismoniy zoʻravonlik qoʻllanilgani, ularni yogʻoch bilan urib kaltaklagani aniqlangan.

 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga koʻra, mazkur fuqaro diniy taʼlim berish huquqini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan.

 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi hamda 110-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi doirasida hujjatlar rasmiylashtirilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.

 

Shuningdek, noqonuniy diniy taʼlim olgan bolalarning tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ularning ota-onalariga nisbatan esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi tegishli moddasiga asosan maʼmuriy tartibda choralar koʻrilayotgani maʼlum qilindi.

 

Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida 1971-yilda tug‘ilgan ayol Bag‘dod va Yozyovon tumanlaridan kelgan, 2011–2017-yillarda tug‘ilgan 5 nafar voyaga yetmaganga hech qanday ruxsatnomasiz diniy ta’lim bergani aniqlangan edi.