Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro taʼlim standartlari asosida oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Endilikda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil taʼlim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin boʻladi.
Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting boʻyicha, yana 10 tasini fan yoʻnalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan. Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik boʻyicha xalqaro sertifikatlar bilan taʼminlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.
Shu bilan birga, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Oliy maktabda taʼlim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish koʻzda tutilgan.
Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga Oʻzbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.
Shuningdek, oliy maktab va hamkor taʼlim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha boʻlgan taʼlim dasturlarini joriy qilish, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy taʼlim oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlaydigan “2+3”, “1+2”, “2+1”, “1+3”, “2+2”, “3+1” kabi taʼlim modellari koʻrib chiqildi.
Bunda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil taʼlim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin boʻladi. Texnikum bitiruvchilari esa taʼlimni qisqartirilgan dastur asosida universitetda davom ettirish imkoniga ega boʻladi.
Avvalroq, yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
