Sirdaryoda maktab maslahatchisi 16 yoshli o‘quvchiga shahvoniy mazmundagi xabarlar yuborgani aniqlandi

Sirdaryoda maktab maslahatchisi 16 yoshli o‘quvchiga shahvoniy mazmundagi xabarlar yuborgani aniqlandi

Sirdaryo viloyatida maktab maslahatchisi 16 yoshli o‘quvchi qizga Telegram orqali shahvoniy mazmundagi xabarlar yuborgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sud unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudida maktab maslahatchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqilgan.

 

Sudda aniqlanishicha, maktab maslahatchisi lavozimida ishlagan erkak dastlab 16 yoshli 10-sinf o‘quvchisiga maktabning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yuritish masalasini bahona qilib murojaat qilgan.

 

Keyinchalik u Telegram messenjeri orqali qizga tungi vaqtlarda ishqiy va shahvoniy mazmundagi xabarlar yubora boshlagan.

 

Qayd etilishicha, o‘quvchi qiz ushbu xabarlarga javob bermagan. Shunga qaramay, erkak unga qo‘ng‘iroq qilib, yarim tunda ko‘chaga chiqishni va uchrashishni taklif qilgan.

 

Sud majlisida huquqbuzar o‘z aybini tan olmagan hamda ish materiallariga ilova qilingan yozishmalar va boshqa dalillarni rad etgan.

 

Jabrlanuvchining onasi esa sudda qonuniy vakil sifatida ishtirok etib, ta’lim muassasasi xodimi tomonidan bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilishi mumkin emasligini bildirib, suddan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

 

Sud tomonidan taqdim etilgan yozishmalar, guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar o‘rganilib, erkakning huquqbuzarlik sodir etgani o‘z tasdig‘ini topgani qayd etilgan. Sud majlisida u qiz va uning ota-onasidan kechirim so‘ragan.

 

Natijada sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.

 

Shuningdek, sud huquqbuzarlik yakuni bo‘yicha maktab maslahatchisiga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi masalasini ko‘rib chiqish uchun Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga taqdimnoma kiritishni lozim topgan.