Nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta va qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi subyektlar faoliyatini baholashda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etildi. Tizim tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi qonunbuzarlik xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholaydi.
Adliya vazirligi tomonidan ‘‘Nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta va qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasida nazoratni amalga oshirishda ‘‘Xavfni tahlil qilish’’ elektron tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida’’gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatidagi qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tartibda baholanadi.
Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardagi ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shuningdek, xavfni tahlil qilish jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab etilmaydi.
Yangi tartibga muvofiq, nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta va qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi subyektlar yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi.
Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi. Past xavf toifasiga kiritilgan subyektlarda esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
