Buyuk Britaniyada oʻqituvchilar maoshi ikki yil davomida 6,5 foizga oshiriladi

Buyuk Britaniyada oʻqituvchilar maoshi ikki yil davomida 6,5 foizga oshiriladi

Buyuk Britaniya hukumati davlat maktablari oʻqituvchilari va rahbarlari uchun ikki yillik yangi ish haqi paketini tasdiqladi. Unga koʻra, oʻqituvchilar maoshi 2026-yil sentyabridan 3,5 foizga, 2027-yil sentyabridan esa yana 3 foizga oshiriladi. Hukumat maoshlarni moliyalashtirish uchun maktablarga qoʻshimcha 1,8 milliard funt sterling ajratishini maʼlum qilgan.

 

Buyuk Britaniya Taʼlim vazirligi maʼlum qilishicha, taʼlim vaziri Bridjit Fillipson (Bridget Phillipson) Maktab oʻqituvchilari ish haqi boʻyicha mustaqil koʻrib chiqish organi (School Teachersʼ Review Body) tavsiyalarini toʻliq qabul qilgan.

 

Yangi qarorga koʻra, davlat maktablari oʻqituvchilari maoshi 2026-yil sentyabridan 3,5 foizga, 2027-yil sentyabridan yana 3 foizga oshiriladi. Natijada Leyboristlar hukumati 2024-yilda hokimiyatga kelganidan buyon oʻqituvchilar ish haqi jami 17 foizga koʻpaygan boʻladi.

 

Hukumat oʻqituvchilar va yordamchi xodimlarning ish haqi oshirilishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida maktablarga ikki yil davomida qoʻshimcha 1,8 milliard funt sterling ajratadi.

 

“Oʻqituvchilarimiz va kollej pedagoglari har kuni oʻz vazifasidan ortigʻini bajaradi. Ularning fidoyiligi nafaqat eʼtirof etilishi, balki munosib ragʻbatlantirilishi ham kerak. Koʻp yillik ushbu kelishuv oʻqituvchilarga berayotgan yuksak qadriyatimizni namoyon etadi hamda maktab va kollejlarga ish haqi va budjetlarini ishonch bilan rejalashtirish imkonini beradi”, — deya taʼkidlagan Buyuk Britaniya taʼlim vaziri Bridjit Fillipson.

 

Shu bilan birga, maktablarning oʻzi ham har bir ish haqi oshirilishining dastlabki 1 foizini mavjud budjetlari hisobidan qoplashi kerak boʻladi.

 

Qoʻshimcha ravishda kollejlar va boshqa kasbiy taʼlim muassasalariga xodimlarni ishga jalb qilish va ularni saqlab qolish uchun ikki yil davomida 485 million funt sterling ajratilishi rejalashtirilgan.

 

Taʼlim vaziri Bridjit Fillipsonning taʼkidlashicha, yangi koʻp yillik ish haqi kelishuvi oʻqituvchilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish bilan birga maktablar va kollejlarga budjetlarini uzoq muddatli rejalashtirish imkonini beradi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yil sentyabridan maktab oʻqituvchisining oʻrtacha yillik maoshi 52,8 ming funt sterlingdan, 2027-yil sentyabridan esa 54,4 ming funt sterlingdan oshadi. Toʻrt yil davomida bu oʻrtacha hisobda qariyb 7 900 funt sterling qoʻshimcha daromadni anglatadi.

 

Shuningdek, hukumat akademik trestlar (academy trusts) rahbarlari maoshiga ham yangi cheklovlar joriy etmoqda.

 

Sentyabr oyidan boshlab academy trustlar yillik maoshi 174 ming funt sterlingdan yuqori bo‘lgan rahbarlik lavozimlarini e’lon qilishdan oldin hukumat roziligini olishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, rahbarlar uchun ish haqi oshirilishi sinf o‘qituvchilari uchun belgilangan stavkadan yuqori bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Kasaba uyushmalari ish haqi oshirilishi inflyatsiya darajasidan yuqori ekanini ijobiy baholagan, biroq xarajatlarning bir qismini maktablar oʻz budjeti hisobidan qoplashi zarurligidan xavotir bildirgan.

 

National Education Union hisob-kitobiga koʻra, maktablar taxminan 460 million funt sterlingni oʻz mablagʻlari hisobidan qoplashi kerak boʻladi. Uyushma bunga bogʻliq holda ayrim maktablarda xodimlar soni qisqarishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

 

“Maktablardan mavjud budjetlari hisobidan yana 460 million funt sterling topish talab qilinmoqda. Vazirlar bir tomondan koʻproq oʻqituvchilar kerakligini aytib, ikkinchi tomondan xodimlar sonining qisqarishiga yoʻl qoʻymasligi kerak”, — dedi National Education Union bosh kotibi Daniel Kebede.

 

Buyuk Britaniya Taʼlim vazirligi yangi moliyalashtirish paketi oʻqituvchilarni ishga jalb qilish va ularni kasbda ushlab qolishga xizmat qilishini taʼkidlagan. Vazirlik maʼlumotiga koʻra, 2024-yildan buyon mamlakatdagi oʻrta maktablar, maxsus maktablar va kollejlarda 4,5 mingdan ortiq yangi oʻqituvchi ish boshlagan.

 

Shuningdek, joriy yilda pedagoglik kasbini tanlab taʼlim olayotganlar soni ham 13 foizga oshib, pandemiyadan keyingi davrdagi eng yuqori koʻrsatkich qayd etilgan.