Koreyada o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxs 11 ming dollar bilan ushlandi

Koreyada o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxs 11 ming dollar bilan ushlandi

Farg‘onada Janubiy Koreyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritishni va’da qilib, 11 ming AQSH dollarini olgan shaxs aniqlandi. Holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

 

Farg‘onada Koreyada o‘qishga kiritishni va’da qilgan firibgar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.R. boshqa bir fuqaroni Janubiy Koreyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish hamda viza olib berishni va’da qilib, undan 11 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

 

Shuningdek, ushbu mablag‘ hisobidan 200 AQSH dollari jabrlanuvchiga qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

 

Holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq, Koreyaga o‘qish va ishga yuborish uchun 5 600 dollar pora olgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.