Ertaga texnikum bitiruvchilarini OTMga suhbat asosida qabul qilish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi

Ertaga texnikum bitiruvchilarini OTMga suhbat asosida qabul qilish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi

Ertaga, 5-iyuldan texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga yakka tartibdagi suhbat asosida qabul qilish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi. Hujjatlar 25-iyulga qadar my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

 

Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat asosida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatning 2-bosqichiga qabul qilinadi.

 

Mazkur tartib oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga tatbiq etilmaydi.

 

Ushbu imkoniyatdan butun o‘qish davrida fanlarni asosan ‘‘4’’ va ‘‘5’’ baholarga o‘zlashtirgan hamda baholarining kamida 50 foizi ‘‘5’’ bo‘lgan texnikum bitiruvchilari foydalanishi mumkin.

 

Tibbiyot yo‘nalishlarida esa ‘‘a’lo’’ baholar ulushi kamida 85 foizni tashkil etishi lozim.

 

Shuningdek, ushbu imtiyoz texnikumni tamomlagan kundan boshlab ikki yil davomida amal qiladi. Ikki yildan oshgan bitiruvchilar yoki belgilangan talablarga javob bermaydigan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga umumiy tartibda qabul qilinadi.

 

Talabgorlar 5–25-iyul kunlari my.edu.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, pasport yoki ID-karta nusxasi hamda texnikumni tamomlaganlik diplomi va uning ilovasini elektron tizimga yuklaydi.

 

Hujjatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan 5-avgustga qadar ko‘rib chiqiladi va natijalar talabgorning shaxsiy kabineti orqali ma’lum qilinadi.

 

Suhbatda nimalar so‘raladi?

 

Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular boʻyicha bittadan jami toʻrtta savol beriladi:

 

  • mamlakatda oʻz sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
  • bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish koʻrsatish);
  • shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (oʻqishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, masʼuliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi,
  • shuningdek, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
  • tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi sohasidagi bilim va kasbiy koʻnikmalarning mavjudligi.

 

Jami toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.

 

Suhbat komissiyasi a’zolari qo‘ygan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67 ball yoki undan yuqori bo‘lsa, abituriyent suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.

 

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilar esa oliy ta’lim muassasasining tegishli bakalavriat yo‘nalishi 2-bosqichiga talabalikka tavsiya etiladi.

 

Qabul to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati OTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va ularga kontrakt shartnomalari taqdim etiladi.

 

Kontrakt to‘lovi belgilangan muddatlarda amalga oshirilgach, talaba OTM rektori buyrug‘i bilan rasman 2-bosqichga o‘qishga qabul qilinadi.

 

Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan texnikum bitiruvchilari o‘qishni 2-bosqichdan davom ettirishi mumkin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlangan. Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda aynan o‘z mutaxassisligiga mos yo‘nalishlarni tanlashi mumkin.