2-iyul soat 10:20 holatiga ko‘ra, akademik litseylarga kirish uchun arizalar soni 39 009 taga yetdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Akademik litseylarga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari 10-iyundan 10-iyulga (shu kuni ham) qadar davom etadi. 2-iyul soat 10:20 holatiga ko‘ra, akademik litseylarga 39 009 nafar talabgordan ariza kelib tushgan.
Murojaat qilganlarning 20 674 nafari (53,0 foiz) qizlar, 18 335 nafari (47,0 foiz) esa o‘g‘il bolalarni tashkil etmoqda.
Ayni paytda qabul 69 ta akademik litsey, 18 ta ta’lim yo‘nalishi va 14 898 ta qabul kvotasi bo‘yicha davom etmoqda.
Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Poytaxtdan 7 673 ta ariza topshirilgan. Keyingi o‘rinlarni Qashqadaryo (4 089 ta), Toshkent viloyati (3 778 ta), Farg‘ona (3 232 ta), Samarqand (3 089 ta) va Andijon (3 083 ta) egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, akademik litseylarga hujjatlar my.edu.uz platformasi orqali 10-iyulga qadar (shu kuni ham) onlayn qabul qilinadi. Shu muddat davomida abituriyentlar arizalaridagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda hujjatlarini tahrirlash imkoniyatiga ega.
