“Eng katta muvaffaqiyat siri — tartib-intizom” — muddatidan avval talaba bo‘lgan surxondaryolik Sardorbek bilan suhbat

“Eng katta muvaffaqiyat siri — tartib-intizom” — muddatidan avval talaba bo‘lgan surxondaryolik Sardorbek bilan suhbat

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi 35-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Sodiqov Sardorbek Faxriddin o‘g‘li milliy sertifikatlar orqali muddatidan avval talabalikka tavsiya etildi. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining (UWED) “Jahon iqtisodiyoti va iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.

 

“Asosiy bilim bazam maktabda shakllangan”

 

Sardorbekning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda paydo bo‘lgan. Aynan shu davrdan boshlab u oldiga aniq maqsad qo‘yib, muntazam tayyorgarlikni boshlagan.

 

“10-sinfligimda tayyorgarlik ancha og‘ir bo‘ldi. Asosiy bilim bazam maktabda shakllangan. Maktabimizda yaratilgan sharoitlar va ustozlarimning bergan bilimlari bugungi natijaga erishishimda muhim o‘rin tutdi”, — deydi u.

 

Suhbatdoshimiz har bir fan bo‘yicha alohida reja asosida tayyorgarlik olib borganini aytadi. Ingliz tili bo‘yicha Multi-level sertifikati uchun uch yarim oy, matematika fanidan qariyb bir yil, tarix va ona tili fanlari bo‘yicha esa qisqa muddat davomida intensiv tayyorgarlik olib borgan.

 

Uning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatga erishishda faqat bitta manba bilan cheklanmagan.

 

“Har tomonlama imkoniyatlardan foydalandim. Repetitorga ham bordim, onlayn darslarda ham qatnashdim, test to‘plamlari bilan ham ishladim. Eng muhimi esa tartib-intizomni saqlash bo‘ldi”, — deydi Sardorbek.

 

“Imtihonlar kutganimdan murakkabroq bo‘ldi”

 

Bitiruvchining fikricha, imtihon savollari u kutganidan biroz qiyinroq bo‘lgan. Shunga qaramay, oldindan ishlab chiqqan strategiyasi unga yuqori natijaga erishishga yordam bergan.

 

“Qiyin va ko‘p vaqt oladigan savollarni oxiriga qoldirish ma’qul. Avval oson savollarni ishlab chiqish vaqtni tejaydi va xatolar sonini kamaytiradi”, — deydi u.

 

Sardorbekning aytishicha, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash tayyorgarlikning eng muhim jihatlaridan biri bo‘lgan. U kun davomida maktab darslariga ham vaqt ajratgan, asosiy e’tiborini esa sertifikatlarga tayyorgarlikka qaratgan.

 

“Kunduzi maktab darslariga bir-ikki soat vaqt ajratardim. Qolgan vaqtimni esa sertifikat uchun tayyorgarlikka sarflardim”, — deydi abituriyent.

 

Eng katta motivatsiya – ota-onaning ishonchi

 

Tayyorgarlik davrida charchoq va tushkunlik holatlari ham bo‘lgan. Biroq Sardorbek bunday vaziyatlardan chiqishda oilasining qo‘llab-quvvatlashi katta kuch berganini ta’kidlaydi.

 

“Tushkunlikka tushgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. O‘sha vaqtda ota-onamning menga bo‘lgan ishonchi meni oldinga undardi. Ularning ishonchini oqlash hissi eng katta motivatsiyam bo‘ldi”, — deydi u.

 

Ko‘pchilik telefon va ijtimoiy tarmoqlar o‘quvchini chalg‘itadi, deb hisoblaydi. Sardorbek esa buning aksini aytadi:

 

“Telefon o‘quvchini chalg‘itmaydi. Agar undan to‘g‘ri maqsadda foydalansangiz, undan yaxshi yordamchi yo‘q”.

 

Tengdoshlarga tavsiya

 

Sardorbek oliy ta’limga kirishni maqsad qilgan tengdoshlariga eng avvalo izchillik va tartib-intizomni tavsiya qiladi.

 

“Harakatdan hech qachon to‘xtamaslik kerak. Tartib-intizomni birinchi o‘ringa qo‘ysangiz, natija albatta bo‘ladi”, — deydi u.

 

Uning fikricha, maktablarda asosiy fanlarga yanada ko‘proq e’tibor qaratilishi yuqori natija ko‘rsatadigan o‘quvchilar sonini oshirishga xizmat qiladi.

 

Hozirda Sardorbek bo‘sh vaqtini badiiy kitoblar mutolaa qilish bilan o‘tkazmoqda. Shuningdek, u yaqin kelajakda yangi xorijiy tilni o‘rganishni boshlashni rejalashtirgan.

 

Avvalroq, Surxondaryoda 9 yoshli o‘quvchi ingliz tilidan B2 darajali sertifikatga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edik.