Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuvda shahar ko‘chalarini OTMlarga biriktirish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur taklif ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati hokimligi hamda Davlat mehnat inspeksiyasi rasmiy munosabat bildirdi.
24-iyun kuni Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda shahar ko‘chalarini oliy ta’lim muassasalariga biriktirish tashabbusi ilgari surilgan.
Viloyat hokimligi tomonidan e’lon qilingan videoda hokim ko‘chalar uzunligi va hududidan kelib chiqib, har bir oliy ta’lim muassasasiga bir yoki bir nechta ko‘cha biriktirilishini taklif qilgan.
Ta’kidlanishicha, OTM pedagoglari o‘zlariga biriktirilgan hududlarda tozalik, ko‘chatlar holati, sug‘orish tizimi, piyodalar yo‘laklari va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni kuzatib borishi hamda ular haqida mas’ul tashkilotlarga ma’lumot yetkazib turishi kerak bo‘ladi.
‘‘Hamma OTMga bittadan, ikkitadan, uchtadan (kilometriga, katta-kichikligiga qarab, sohasiga qarab) koʻcha beramiz. Men sizlarga u yerga daraxt ekinglar, trotuar qilinglar yoki boshqa qilinglar demayman. Sizlar oʻsha koʻchaning egasi boʻlasizlar. Har kuni ertalab bitta oʻqituvchi, bitta oʻquvchi oʻsha yerdan piyoda yuradi. Qayerda trotuar sinib ketgan, qaysi koʻchat quriyapti, qayerda sugʻorish tizimi ishlamaydi, nogironlar uchun imkoniyat yoʻq — hammasini koʻrib, shu koʻchaga yoʻl xaritasi qilib olasizlar’’ — deya ta’kidlagan viloyat hokimi.
Shuningdek, viloyat hokimi kasallangan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, kuz mavsumida yangi ko‘chatlar ekish, tartibsiz ekilgan daraxtlarni qayta tartibga keltirish hamda butalarni landshaft dizayni asosida barpo etish rejalashtirilayotganini ham aytib o‘tgan.
‘‘Qayerda ko‘chat yo‘q bo‘lsa, ro‘yxatini qilasizlar, qanday ko‘chat kerakligini aniqlaysizlar. Kuzda ularni ekamiz. Tartibsiz ekilgan joylarni almashtiramiz. Qayerda buta ekish kerak bo‘lsa, uni ham ko‘rasizlar. Sizlar faqat butani shaklini ko‘rsatib berasizlar’’, — dedi Adiz Boboyev.
Mazkur tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar va ta’lim sohasi vakillari pedagoglarni kasbiy faoliyatidan tashqari vazifalarga jalb etish mumkin emasligini ta’kidlab, tashabbus yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirgan.
Xususan, ta’lim mavzusida kontent tayyorlovchi ijtimoiy tarmoq faoli Isroil Tillaboyev o‘z telegram sahifasida professor-o‘qituvchilar ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi kerakligini yozgan.
“Olimlar ilmiy ish bilan shug‘ullansin. Mayda-chuyda ko‘cha ishlariga ularni ovora qilib nima keragi bor? Obodonlashtirish xizmatlari nega ishlayapti?” — deya yozgan Isroil Tillaboyev.
Shuningdek, jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham ushbu masala yuzasidan munosabat bildirib, o‘qituvchi dars berishi, talaba esa bilim olishi kerakligini ta’kidlagan. Uning fikricha, ko‘chalar va yashil hududlar holatini nazorat qilish obodonlashtirish xizmatlari vakolatiga kiradi va pedagoglar hamda talabalarni bunday ishlarga jalb qilish noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlagan.
‘‘Oʻqituvchi — darsini oʻtsa, darsdan boʻsh vaqtida dam olsa, keyingi kundagi yangi darslariga tayyorlansa-da. Talaba — oʻz vaqtida kelib, darsda qatnashib, bilimini oshirsa… Boʻldi! Boshqa hech narsa talab qilmaylik ulardan’’, — deya yozadi jurnalist Shuhrat Shokirjonov.
Bildirilgan e’tirozlardan so‘ng Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish amaldagi qonunchilikka zid ekanini eslatdi.
Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, agar ushbu tashabbus amaliyotga joriy etilib, professor-o‘qituvchilar va pedagoglar o‘z faoliyatiga daxldor bo‘lmagan ishlarga jalb qilinsa, bu majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi yuzasidan ogohlantirish yuborilgani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng Samarqand viloyati hokimligi ham rasmiy munosabat e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, tashabbusning asosiy maqsadi talabalar yoki professor-o‘qituvchilarni jismoniy mehnatga jalb qilish emas, balki biologiya, ekologiya, agronomiya, tuproqshunoslik va landshaft dizayni kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatidan samarali foydalanishdan iborat.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, shahar ko‘chalaridagi ayrim daraxtlarning kasallanishi, qurishi va zararkunandalar ta’siriga uchrashi kabi muammolarni hal etishda ilmiy yondashuv muhim ahamiyatga ega.
‘‘Shu munosabat bilan oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvda biologiya, ekologiya, agronomiya, tuproqshunoslik va landshaft dizayni kabi yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan yosh tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini shahar muhitidagi amaliy kuzatuvlar bilan uyg‘unlashtirish taklif etildi. Bu jarayonda talabalar va yosh olimlar daraxtlarning holatini o‘rganish, monitoring olib borish, kasallik va zararkunandalar belgilarini erta aniqlash bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda tavsiyalar ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi’’, — deyiladi viloyat hokimligi munosabatida.
Shuningdek, barcha agrotexnik va jismoniy ishlar tegishli kommunal hamda obodonlashtirish tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi, OTM vakillaridan esa faqat ilmiy kuzatuv va tavsiyalar kutilayotgani ta’kidlangan.
Viloyat hokimligi ushbu tashabbusni amalga oshirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinishi, fuqarolar huquq va manfaatlari ta’minlanishi hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, jumladan hududlarni obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi.
