Andijondagi 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktab yangidan quriladi

Andijondagi 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktab yangidan quriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyatiga tashrifi davomida bir qator ta’lim va tibbiyot muassasalarini ko‘zdan kechirdi. Tashrif yakunida 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktab yangidan qurilishi ma’lum qilindi.

 

24-iyun kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyatiga tashrif buyurib, viloyatdagi yangilanishi talab etilayotgan bir nechta obyektlarni ko‘zdan kechirdi.

 

Ma’lum qilinishicha, Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘makay” oilaviy poliklinikasi binosidan 1988-yildan buyon foydalanib kelinmoqda. Binoning bugungi kun talab va standartlariga mos emasligi qayd etilgan.

 

Andijondagi 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktab yangidan quriladi

 

Shuningdek, hududdagi 9-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 36-sonli maktab ko‘zdan kechirildi.

 

Mazkur bog‘cha 1970-yillarda qurilgan sobiq oromgoh hududida joylashgan bo‘lsa, maktab binosi esa 1960-yilda barpo etilgan.

 

Andijondagi 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktab yangidan quriladi

 

Bog‘cha va maktab binolarining eskirgani, maktab sig‘imining esa o‘quvchilar soniga mos kelmasligi sababli mazkur ta’lim muassasalari yangidan qurilishi ta’kidlangan.

 

“Gap tibbiyot va ta’lim haqida ketar ekan, shifokor va o‘qituvchining ish joyi, yaratilgan sharoit, farzandini maktab yoki bog‘chaga kuzatayotgan ota-onaning ko‘ngli to‘q bo‘lishi — eng muhim, birinchi galdagi masaladir”, — deya ta’kidlagan Saida Mirziyoyeva.

 

Qayd etilishicha, aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan bunday o‘zgarishlar uzoq yillarga cho‘zilmasligi, yangilanishlar natijasi qisqa muddatda amalda ko‘rinishi lozim.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Buxoro viloyatiga tashrifi davomida ayrim ijtimoiy soha obyektlari ahvoli qoniqarsiz ekanini qayd etib, 1977-yilda foydalanishga topshirilgan 21-sonli bolalar bog‘chasi binosi zamonaviy talablarga javob bermagani sababli uni qayta qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.