Navoiy viloyati Xatirchi tumani 54-maktabning joriy yilgi bitiruvchisi Rabbimov Temurbek Otabek o‘g‘li sertifikat imtihonlarida yuqori natijalarni qayd etib, muddatidan avval talabalik baxtini qo‘lga kiritdi. U matematika fanidan A+, ingliz tili bo‘yicha Multilevel imtihonidan B2, tarix hamda ona tili va adabiyot fanlaridan B darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritib, jami 189 ball to‘pladi.
Kelgusida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olishni rejalashtirayotgan yoshning muvaffaqiyati ortida yillar davom etgan mehnat, qat’iyat va intizom mujassam.
“Maqsadim aniq bo‘lgani uchun ortga chekinmadim”
Temurbekning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi unda 10-sinfda paydo bo‘lgan. O‘sha paytdan boshlab u kelajagini aniq rejalashtirib, maqsadi sari izchil harakat qila boshlagan.
“Sertifikat olish haqida 10-sinfda jiddiy o‘ylay boshlaganman. Bu yo‘l oson bo‘lmagan, lekin maqsadim aniq bo‘lgani uchun qiyinchiliklar meni to‘xtata olmadi”, — deydi u.
Natijaga erishish uchun u har bir fan bo‘yicha alohida tayyorgarlik olib borgan. Matematikaga bir yil, ingliz tiliga olti oy, tarix faniga ikki oy, ona tili va adabiyot faniga esa bir yarim oy vaqt ajratgan.
“Asosan mustaqil tayyorlandim…”
Ko‘pchilik yuqori natijalar ortida kuchli repetitorlar yoki maxsus kurslar turadi deb o‘ylaydi. Temurbek esa muvaffaqiyatining katta qismi mustaqil tayyorgarlik bilan bog‘liqligini aytadi.
“Asosan mustaqil tayyorlandim. O‘zimga mos usullarni topishga va mavjud manbalardan samarali foydalanishga harakat qildim.”
Uning fikricha, natijaga erishishda eng muhim omil iste’dod emas, balki muntazam mehnatdir.
“Har kuni oz bo‘lsa ham ishlashga harakat qilardim. Bir kunda ko‘p o‘qib, keyin bir necha kun tanaffus qilishdan ko‘ra, har kuni muntazam shug‘ullanish ancha samarali” — deydi abituriyent,
Temurbek uchun ayniqsa kechki paytdagi tayyorgarlik samarali bo‘lgan:
“Kechki payt muhit tinch bo‘ladi. Shunda diqqatimni to‘liq darsga qarata olardim.”
Maktab, oltin medal va sertifikatlar
Yuqori natijalarga erishish bilan birga u maktabdagi o‘qishini ham namunali davom ettirdi. Kunduzi maktab darslarida qatnashib, kechki payt sertifikatlar uchun tayyorlangan.
“Vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qildim. Kunduzi maktab, kechqurun esa tayyorgarlik bilan shug‘ullanardim.”
Bugungi kunda Temurbek maktabni oltin medal bilan tamomlamoqda. Ayrim kunlari tayyorgarlik tungi soat ikkilargacha davom etgan bo‘lsa-da, u belgilangan maqsaddan chekinmagan.
“Charchagan paytlarim ham bo‘lgan, lekin oldimga qo‘ygan maqsadim meni doimo oldinga undab turgan” — deydi u.
“Psixologik tayyorgarlik ham bilimdek muhim”
Temurbekning ta’kidlashicha, imtihondagi muvaffaqiyat faqat bilim bilan belgilanmaydi. Ruhiy tayyorgarlik ham natijaga bevosita ta’sir qiladi.
“Tayyorgarlik davomida tushkunlikka tushmaganman. O‘zimga bo‘lgan ishonchim doimo yuqori bo‘lgan. Menimcha, psixologik tayyorgarlik ham bilim kabi muhim” — deydi qahramonimiz.
U test topshiruvchilarga vaqtni boshqarishga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qiladi.
“Ko‘pchilikning xatosi — vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash. Vaqtni boshqara olgan o‘quvchi testda ancha ustunlikka ega bo‘ladi.”
Telefon va ijtimoiy tarmoqlar haqida esa u quyidagicha fikr bildiradi:
“Telefonning o‘zi muammo emas. Muammo undan qanday foydalanishda. Agar maqsadingiz aniq bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar sizni emas, siz ularni boshqarasiz.”
“Harakat qilgan inson albatta maqsadiga yetadi”
Bugun Temurbekning natijalari ko‘plab yoshlar uchun motivatsiya bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning fikricha, muvaffaqiyatning yagona formulasi — o‘ziga ishonch, intizom va mehnatdir.
“Mehnatdan qo‘rqmaslik kerak. Katta natijalarga faqat sabr, intizom va muntazam harakat orqali erishiladi” — deydi u.
Suhbat yakunida esa u yoshlar uchun eng muhim xulosani aytdi:
“Muvaffaqiyatga erishish uchun eng avvalo o‘ziga ishonch, intizom va mehnat kerak. Men erishgan natijalar tasodif emas, balki uzoq muddatli mehnatning mahsuli. Harakat qilgan inson albatta o‘z maqsadiga yetadi.”
Avvalroq, qashqadaryolik 10-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
