Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 83-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Muxiddinova Mohinur qisqa vaqt ichida biologiya va kimyo fanlaridan A, tarix hamda o‘zbek tili va adabiyotidan B, matematika fanidan esa C darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Mohinurning Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, u kelajakda Toshkent davlat tibbiyot universitetining Davolash ishi yo‘nalishida tahsil olib, malakali shifokor bo‘lishni maqsad qilgan.
“Shifokor bo‘lish orzusi menda ilk bor 8-sinfda paydo bo‘lgan. O‘shandan boshlab oldimga katta maqsad qo‘yib, shu yo‘lda izchil harakat qila boshladim”, — deydi u.
Uning aytishicha, bugungi natija ortida uzoq yillik mehnat va qat’iyat yotadi.
“Bu yo‘lda ko‘p yiqildim, ko‘p xatolar qildim, ayrim paytlar tushkunlikka ham tushdim. Ammo har safar ustozlarim va oilamning qo‘llab-quvvatlashi meni yana oyoqqa turg‘azdi. Shunda angladimki, insonni manzilga yetkazadigan narsa iste’dod emas, balki to‘xtamasdan harakat qilish ekan”, — deydi Mohinur.
Milliy sertifikatlar uchun tayyorgarlik jarayoni ham oson kechmagan. Mohinur biologiya faniga 2 yil 2 oy, kimyo faniga 2 yil 3 oy, tarix faniga 3 oy, matematikaga 25 kun, ona tili va adabiyotiga esa 20 kun davomida tayyorgarlik ko‘rgan.
Har bir fan uchun alohida reja tuzgan o‘quvchi vaqtni to‘g‘ri taqsimlash muvaffaqiyatning muhim omillaridan biri bo‘lganini aytadi.
“Har bir fan uchun alohida strategiya asosida ishladim. Bilimni mustahkamlash va xatolar ustida ishlash ko‘p vaqt talab qiladi. Shu sababli vaqtni imkon qadar samarali taqsimlashga harakat qildim”, — deydi u.
Mohinur yuqori natijalarga erishishda ustozlarining hissasi katta bo‘lganini alohida ta’kidlaydi.
Kimyo fanidan Sardor Tojiyev, biologiya fanidan Luiza Xidirova, ona tili va adabiyot fanidan Farruh Qarshiyev, tarix fanidan Berdijon Murodov hamda matematika fanidan Nuriddin Xurramov unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan.
“Ustozlarimning menga bergan bilimlari, ishonchi va dardkashligi bugungi natijalarimning asosiy sabablaridan biridir. Ularning har bir mehnati ortida o‘quvchining kelajagi uchun qayg‘urish, fidoyilik va samimiyat mujassam edi”, — deydi Mohinur.
Uning fikricha, muvaffaqiyatga erishish uchun inson avvalo o‘z maqsadiga chin dildan ishonishi kerak.
“Yo‘lda qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Eng muhimi, yiqilgandan keyin yana turishni bilishdir. Chunki muvaffaqiyat hech qachon tasodifan kelmaydi. Uning ortida uyqusiz tunlar, sabr, intizom va o‘z ustida ishlash yotadi”, — deydi u.
Mohinur tayyorgarlik davrida kuniga 4 soatdan 8 soatgacha dars qilgan paytlari bo‘lganini aytadi. Shu bilan birga, maktabdagi mashg‘ulotlarni ham muntazam davom ettirgan.
“Albatta, maktab darslarida ham faol qatnashganman. Maktabda olgan bilimlarim ham bugungi natijalarimning muhim qismi bo‘ldi”, — deydi u.
Bugun Mohinur muddatidan avval talabalikka tavsiya etilgan. Biroq u o‘z ustida ishlashni to‘xtatmoqchi emas.
“Hozir ingliz tilini chuqur o‘rganmoqdaman va IELTS sertifikatini qo‘lga kiritishni rejalashtiryapman. Bundan tashqari, kitob mutolaa qilish va qashqar rubob chalishni ham o‘rganayapman”, — deydi u.
Tengdoshlariga esa vaqtning qadriga yetishni tavsiya qiladi.
“Telefon, ijtimoiy tarmoqlar yoki vaqtinchalik hordiq emas, aynan bilim insonning kelajagini o‘zgartiradi. Agar inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ysa va shu maqsad sari har kuni harakat qilsa, albatta natijaga erishadi”, — deydi Mohinur.
Avvalroq, o‘tgan yili talaba bo‘la olmagan surxondaryolik abituriyent bu yil muddatidan avval talaba bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.
