Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan Xolboyeva Shahzodabonu bir yil avval ozgina ball yetmagani sababli talaba bo‘la olmagan. Bu yil esa u IELTS B2 hamda uchta milliy sertifikatni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Shahzodabonuning Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, u o‘tgan yili ikki ta sertifikat bilan oliygohga hujjat topshirgan. Biroq talaba bo‘lish uchun ozgina ball yetmay qolgan.
“Avval milliy sertifikatlarga unchalik qiziqmaganman. O‘tgan yili ikki dona sertifikat bilan o‘qishga topshirgandim. Afsuski, ozgina ball yetmay qoldi. Shundan keyin barcha fanlardan sertifikat olishga ahd qildim”, — deydi u.
Diplomatiya va xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan Shahzodabonu IELTS B2 darajasidagi sertifikat hamda Tarix fanidan A, O‘zbek tili va adabiyotidan B+, Matematika fanidan C+ darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
Shahzodabonu ingliz tiliga sakkiz oy, tarix faniga olti oy, matematikaga bir oy, ona tili va adabiyotiga esa 21 kun davomida tayyorlangan.
Ingliz tilidan sertifikat olish jarayonida ustozlari bilan bir qatorda to‘rt kishilik jamoa bo‘lib muntazam self-study qilgan. Tarix fanida esa ustozlari bilan ertalabdan kechgacha davom etadigan mashg‘ulotlar ko‘p bo‘lgan.
“Tarix va ingliz tili uchun eng ko‘p mehnat qilganman. Ba’zan ertalab 9 dan kechqurun 9 gacha dars qilardik. Natija oson kelmagan”, — deydi Shahzodabonu.
Ona tili va adabiyoti faniga tayyorgarlik esa nisbatan qisqa davom etgan. Bunga maktabdagi muhit ham ta’sir ko‘rsatgan.
“Sinf rahbarimiz ona-tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lgani uchun bu fanga mehrimiz oldindan shakllangan edi. Shu sababli 21 kunlik jiddiy tayyorgarlik yetarli bo‘ldi”, — deydi u.
Shahzodabonu muvaffaqiyatining asosiy siri sifatida self-study, ya’ni mustaqil ta’limni ko‘rsatadi.
“Sizga mavzularni qanchalik zo’r ustoz tushuntirib bermasin, inson o’z ustida ishlab, o’zi tushunmasa, hammasi befoyda”, — deydi u.
Sertifikat olish yo‘lidagi sinovlar ham oson kechmagan. IELTS speaking imtihonidan chiqqan kuni hatto yig‘lab yuborgan.
“Examiner menga gapirish imkonini kam berdi deb o‘ylagandim. Imtihondan yig‘lab chiqqanman. Keyin natija chiqqanda shukr qildim, men uchun yetarli ball ekan. Tarix esa umuman boshqa mavzu. Biz olti oy tayyorlangan kitoblarimizdan deyarli savol tushmadi. Savollarni ko‘rib shok holatiga tushib qoldim. Ko‘p hollarda noto‘g‘ri variantlarni chiqarib tashlash usuli bilan ishladim”, — deya eslaydi u.
Maqsadiga erishish uchun Shahzodabonu kun tartibini ham qat’iy rejalashtirgan. Har bir fan uchun alohida vaqt ajratgan, hatto yaqinlari bilan suhbatlashishga ham kuniga yarim soat vaqt belgilagan.
“Uyqu rejimi menda shu 6 oy mobaynida deyarli umuman to’g’ri bo’lmagan, 1-yil o’qishdan yiqilganimdagi alammi yoki aybdorlik hissimi menga uyqu bermagan”, — deydi u.
Tayyorgarlik davrida tushkunlik holatlari ham ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa, kuniga 12 soatlab dars qilgan paytlarda bu holat kuchaygan. Ammo ota-onasining ishonchi unga kuch bergan.
“Bunday paytda kimningdir qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Ota-onamning menga bo‘lgan ishonchi taslim bo‘lishimga yo‘l qo‘ymadi”, — deydi Shahzodabonu.
U tayyorgarlik vaqtida Instagram’dan umuman foydalanmagan. Telegram orqali esa faqat ustozlari yuborgan vazifalarni kuzatib borgan.
“Eng kuchli intizomli o‘quvchi ham ba’zan yengillik xohlaydi. Shuning uchun chalg‘itadigan narsalardan iloji boricha uzoqroq bo‘lish kerak”, — deydi u.
Bugun Shahzodabonu muddatidan avval talaba bo‘lgan. U hozir onlayn tarzda til o‘rganishni davom ettirmoqda va uzoq vaqtdan beri o‘qishni rejalashtirgan kitoblariga vaqt ajratmoqda.
Tengdoshlariga esa avvalo maqsad sari aniq reja tuzishni tavsiya qiladi.
“Barcha sertifikatlarni olish yo‘lingiz uchun avval xarita tuzing. Har bir kuningiz rejali bo‘lsin. Maqsad sari aniq harakat qilsangiz, natija albatta keladi”, — deydi Shahzodabonu.
Avvalroq, yana bir surxondaryolik o‘quvchi bir nechta milliy sertifikatni qo‘lga kiritganligi haqida xabar bergan edik.
