Toshkentda 9-sinf bitiruvchisi boshqaruvidagi avtomobil avtobusga urildi

Toshkentda 9-sinf bitiruvchisi boshqaruvidagi avtomobil avtobusga urildi

Toshkentda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 9-sinf bitiruvchisi BYD avtomobilida YTH sodir etdi. Oila a’zolarining ruxsatisiz avtomobilni olib chiqqan o‘smir boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lovchi avtobusiga borib urilgan.

 

Toshkent shahrida 9-sinf bitiruvchisi boshqaruvidagi BYD rusumli avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, hodisa 15-iyun kuni ertalab yuz bergan. Poytaxtdagi 64-maktabning 9-sinfini tamomlagan ikki nafar o‘quvchi davlat raqami yechib qo‘yilgan BYD avtomashinasida yo‘lga chiqqan.

 

Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan o‘smir harakat davomida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan Yutong rusumli yo‘lovchi avtobusining orqa qismiga borib urilgan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida avtobus salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan. YTH oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.

 

O‘smirning otasi farzandi ertalab oila a’zolarining ruxsatisiz uyga tegishli avtomobilni olib chiqib ketganini bildirgan.

 

Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan shaxsning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ygani uchun uning otasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Avvalroq, Farg‘onada 7-sinf o‘quvchisi boshqargan avtomobil avariyaga uchragani haqida xabar bergan edik.