1-sinfga qabul jarayonlarida bolalar maktablarga yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududlar asosida qabul qilinadi. Biriktirilgan maktabni my.maktab.uz portali orqali aniqlash, yuzaga keladigan texnik muammolar bo‘yicha esa hududiy mas’ullarga murojaat qilish mumkin.
2026–2027-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari 20-iyundan boshlanadi. Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ota-onalarni qiziqtirayotgan ayrim masalalarga izoh berdi.
Uy qaysi maktabga biriktirilganini qanday bilish mumkin?
Amaldagi tartibga ko‘ra, tuman va shahar hokimliklari qarori bilan maktablar uchun mikrohududlar belgilanadi. Ya’ni mahalla, ko‘cha va ko‘p qavatli uylar muayyan maktablarga biriktiriladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ota-onalar my.maktab.uz elektron portali orqali yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan maktabni aniqlashlari mumkin. Buning uchun tegishli ma’lumotlarni kiritib, ta’lim tilini tanlash va “Qidirish” tugmasini bosish kifoya.
Manzil ma’lumotlari tizimda chiqmasa nima qilish kerak?
Qayd etilishicha, fuqarolarning yashash manzili haqidagi ma’lumotlar Kadastr organlarining elektron bazalaridan olinadi. Shu sababli yangi uyga ko‘chib o‘tilgan yoki kadastr hujjatlari yaqinda yangilangan bo‘lsa, ma’lumotlar tizimda aks etmasligi mumkin.
Bunday holatda tuman kadastr bo‘limiga yoki hududdagi Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga murojaat qilish tavsiya etiladi. Ma’lum qilinishicha, joriy yilgi qabul jarayonlarida Kadastr agentligi tomonidan har bir hudud uchun mas’ul xodimlar biriktiriladi va texnik muammolarni bartaraf etishda yordam ko‘rsatiladi.
Shunindek, joriy o‘quv yilida 1-sinfga qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish maqsadida Respublikaning barcha hududlari bo’ylab shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish hamda qabul jarayonlari bo‘yicha savollariga tezkor javob berish maqsadida Call-markaz raqamlari bilan quyida tanishishingiz mumkin:
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi;
Eslatib o‘tamiz, onlayn va offlayn tarzda tashkil etiladigan qabul jarayonlarini muvofiqlashtirib, haftaning dushanba kunidan juma kuniga qadar soat 09:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi.
Avvalroq, bu yil 1-sinfga qabul jarayonlari qanday o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.
