2026-yilda 1-sinfga qabul jarayonlari 20-iyun sanasidan boshlanadi. Bu yil 795 mingdan ortiq bolalarni 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilmoqda. 2026-2027 o‘quv yilida ham 7 yoshga toֹ‘ladigan bolalar qabul qilinadi.
10-avgustgacha 1-sinfga qabul qilingan bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga yetkaziladi.
Kecha, 5-iyun kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘zining Facebook’dagi rasmiy sahifasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-sinfiga qabul tartibi, tizimdagi o‘zgarishlar va ayrim savollarga javob berishdi.
Unga ko‘ra, joriy yilda ham 1-sinfga qabul 20-iyun sanasidan boshlanadi. Qabul jarayonlari 2 bosqichda o‘tkaziladi:
- Birinchi bosqich – 20-iyundan 31-iyulgacha arizalar biriktirilgan mikrohudud doirasida qabul qilinadi;
- Ikkinchi bosqich – mikrohududdan tashqari qabul jarayonlari maktabning imkoniyatlariga qarab amalga oshiriladi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga asosan, 1-sinfga qabul qilinadigan bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Demak, 2026-yil 1-sinfga chiqadiganlar 2019-yilning 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bo‘lishi kerak. 6 yoshli bolalar uchun esa majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilgan.
Har bir maktabning mikrohududi tuman (shahar) hokimlarining qarori bilan tasdiqlangan. Ota-ona my.maktab.uz saytiga o‘zining yashash manzilini kiritish orqali farzandi qaysi maktabga biriktirilganini bilib olishi mumkin. Platforma orqali ariza yuborish jarayonida foydalanuvchining yashash manzil ma’lumotlari kadastr va Ichki ishlar vazirligi ma’lumot bazalaridan avtomatik tarzda olinadi. Bu esa tegishli mikrohududdagi maktabga xatosiz ariza yuborish imkonini beradi.
Agar fuqaroning uyida kadastr ma’lumotlari bo‘lmasa, 1-avgustdan keyin mikrohududdan tashqari qabul boshlanganida onlayn ariza topshirishlari va farzandini maktabga joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ariza topshirish jarayoni 3 bosqichdan iborat: birinchi 2 ta bosqichda ota-onaning ma’lumotlari Adliya vazirligi bazasi bilan integratsiya qilingan holda avtomatik to‘ldiriladi. Uchinchi bosqichda fuqaro o‘zi xohlagan mikrohududdagi yoki 1-avgustdan keyin mikrohududdan tashqaridagi maktabga ariza yuboradi.
Ma’lumot uchun, 135 ta olis va chekka hududlarda qabul an’anaviy shaklda amalga oshiriladi.
Avval ham onlayn ro‘yxatdan o‘tgan ota-ona tizimga kirishda qayta ro‘yxatdan o‘tishi shart emas. Masalan, birinchi farzandi uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa shu telefon raqam orqali kirib, ikkinchi farzandni tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotlarini qo‘shish mumkin.
Yangi uyga ko‘chib o‘tgan va kadastr hujjatlarini yangilagan fuqaro qanday yo‘l tutishi kerak?
Javob: Agar fuqaro my.maktab.uz yoki my.gov.uz platformasidan avval foydalangan bo‘lsa, tizimga qayta kirib “ma’lumotlarni yangilash” tugmasini bosishi kerak. Shunda yashash manzili haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda yangilanib, yangi ariza yaratish imkoni bo‘ladi.
Bundan tashqari, Inklyuziv sinflar uchun alohida hujjat talab qilinmaydi. Yagona talab — Ijtimoiy himoya agentligi huzuridagi tibbiy-pedagogik-psixologik komissiya yo‘llanmasi. Ushbu yo‘llanma asosida ular inklyuziv sinflari mavjud bo‘lgan maktablarga yo‘naltiriladi va qabul qilinadi. Ariza yuborish jarayonida Ijtimoiy milliy agentligining ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan. Bola ma’lumotlari kiritilganda, komissiya xulosasi avtomatik tarzda tizimdan chiqadi va shu orqali ariza yuborish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlari imtiyozli qabul huquqiga ega. Elektron tizimda harbiy xizmatchilar o‘z maqomlarini ko‘rsatishi va tasdiqlovchi hujjatlarni yuklash kerak. Vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishlariga qaramay, ularning arizalari asosiy mikrohudud kvotasi bo‘yicha qabul qilinadi. Bu esa ularga farzandlarini yashash joyi yaqinidagi maktablarga joylashtirish imtiyozini beradi.
Texnik muammolar yuzaga kelgan taqdirda, vazirlikning 71 203-07-04 yoki 71 203-04-03 raqamli call-markaziga murojaat qilishlari mumkin.
Eslatma: maktabga onlayn qabul jarayonlari Hukumatning 2022-yil 1-iyundagi 295-sonli qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.
