Toshkent davlat agrar universitetining 1-bosqich talabasi Saida Saydirhmonova plastik chiqindilarni qayta ishlash asosida yaratilgan “EcoBind” ekopolimer beton loyihasi bilan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻldi. Loyiha ekologik muammolarni kamaytirish bilan birga arzon va mustahkam qurilish materiali ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Toshkent davlat agrar universitetining 1-bosqich talabasi Saida Saydirhmonova “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻldi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Uning “EcoBind” (ekopolimer beton) loyihasi plastik chiqindilarni qayta ishlash orqali ekologik xavfsiz qurilish materiali ishlab chiqarishga qaratilgan.
Loyiha texnologiyasi tabiatda yuzlab yillar davomida parchalanmaydigan plastik chiqindilarni foydali mahsulotga aylantirish imkonini beradi. Shu bilan birga, anʼanaviy beton ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga ham xizmat qiladi.
Muallifning taʼkidlashicha, mazkur texnologiya asosida tayyorlangan qurilish materiali mahalliy muqobillariga nisbatan yengilroq, arzonroq va mustahkamroq hisoblanadi.
Avvalroq, buxorolik yosh qiz konditsioner o‘rnatilgan kostyum yaratgani haqida xabar bergan edik.
