9 nafar o‘zbekistonlik talaba Erasmus Mundus dasturiga qabul qilindi

9 nafar o‘zbekistonlik talaba Erasmus Mundus dasturiga qabul qilindi

2026-yilda 9 nafar o‘zbekistonlik talaba Yevropa Ittifoqining Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. Ularning 4 nafari stipendiya sohibiga aylangan bo‘lsa, yana 5 nafari Yevropaning yetakchi universitetlarida o‘qishni o‘z mablag‘lari hisobidan davom ettiradi.

 

2026-yilda 9 nafar o‘zbekistonlik talaba Yevropa Ittifoqining Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. Ular Yevropaning nufuzli universitetlarida tahsil olib, xalqaro akademik tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 4 nafar talaba Erasmus Mundus stipendiyasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana 5 nafar talaba o‘qishni o‘z mablag‘lari hisobidan davom ettiradi. Dastur ishtirokchilari O‘zbekistonning 9 ta oliy ta’lim muassasasidan saralab olingan.

 

Talabalar Fransiya, Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Irlandiya, Polsha, Serbiya va Buyuk Britaniyadagi oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida tahsil oladi.

 

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ushbu natijalar mamlakat yoshlarining xalqaro ta’lim dasturlaridagi ishtiroki tobora ortib borayotganini hamda Erasmus Mundus dasturi akademik mobillik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

 

Ma’lumot uchun, Erasmus Mundus dasturi talabalarning ta’lim olishi, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishi va shaxsiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur doirasidagi grantlar o‘qish xarajatlari, safar, sug‘urta, viza bilan bog‘liq xarajatlar hamda oylik stipendiyani qamrab oladi.

 

Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan tashkil etilgan magistrlik dasturlari talabalarga nafaqat zamonaviy bilim olish, balki turli mamlakatlarning madaniyati va ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish imkonini ham yaratadi.

Avvalroq, Erasmus+ haqida eng ko‘p so‘raladigan savollarga javob bergan edik.