Bugundan yangi o‘quv yili uchun akademik litseylarga qabul boshlandi

Bugundan yangi o‘quv yili uchun akademik litseylarga qabul boshlandi

Bugundan, 10-iyun sanasidan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga qabul boshlandi. Qabul jarayonlari my.edu.uz portali orqali 10-iyulga (shu kuni ham) qadar davom etadi.

 

Talabgorlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tizimga ID karta yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlarini kiritishi hamda quyidagi hujjatlarni elektron shaklda (PDF, JPEG) yuklashi lozim:

 

— 3,5×4,5 sm o‘lchamdagi 1 ta rangli fotosurat;

 

o‘qishga imtiyozli kirish huquqini beruvchi hujjatlar (mavjud bo‘lsa): fan olimpiadasi g‘olibi ekanini tasdiqlovchi diplom, chet tili yoki umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatlar.

 

Tizimga kiritilgan shaxsiy ma’lumotlar avtomatik tarzda tekshiriladi. Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotlar FHDYO organlari bazasidan, maktab va shahodatnoma ma’lumotlari esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining e-shahodatnoma.uz axborot tizimidan olinadi.

 

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlarga uchtagacha akademik litseyni tanlash imkoniyati beriladi. Har bir litseyda ta’lim tili bir xil bo‘lgan bittadan yo‘nalish tanlanadi (tanlangan barcha litseylarda ta’lim tili bir xil bo‘lishi kerak).

 

Talabgorlar ro‘yxatdan o‘tishda qaysi chet tilidan kirish test sinovini topshirishini ham belgilaydi va o‘zi tanlagan hududda o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etadi.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026/2027-o‘quv yili uchun 69 ta akademik litseyga jami 14 898 ta kvota ajratilgan.

 

Shundan:

 

— o‘zbek tili — 12 116 ta;

 

— rus tili — 2 340 ta;

 

— qoraqalpoq tili — 442 ta.

 

Akademik litseylarga qabul kvotalari bilan batafsil quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

 

Shuningdek, 2026/2027-oʻquv yili uchun akademik litseylarning ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi o‘tkaziladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari belgilangan.

 

Barcha test topshiruvchilar uchun topshiriqlar soni jami 60 ta bo‘lib, shundan 20 tasi o‘quvchining intellektual qobiliyat darajasi (IQ)ni aniqlash hamda ta’lim yo‘nalishlariga mos ikkita fan bo‘yicha jami 40 ta test savollari tushadi.

Bugundan yangi o‘quv yili uchun akademik litseylarga qabul boshlandi