Hozircha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning asosiy qismini joriy yil bitiruvchilari tashkil etmagan

Hozircha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning asosiy qismini joriy yil bitiruvchilari tashkil etmagan

2026–2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlar faolligi yuqori bo‘lmoqda. 9-iyun holatiga ko‘ra, joriy yilgi oliy ta’limga qabul uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 71 446 nafarni tashkil etmoqda.

 

Bilimni baholash agentligining xabariga muvofiq 2026-yil 9-iyun soat 18:47 holatiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 71 ming 446 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 ming 526 nafarga yoki 62,7 foizga ko‘pdir. Taqqoslash uchun, 2025-yilda ushbu davrda 43 ming 920 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan edi.

 

Ro‘yxatdan o‘tganlarning 32 ming 468 nafari joriy yil bitiruvchilari bo‘lsa, 38 ming 978 nafari avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan abituriyentlarni tashkil etmoqda. Bu esa qabulda avvalgi yil bitiruvchilarining ulushi yuqoriligini ko‘rsatadi.

 

Xususan, abituriyentlarning 42 ming 250 nafari yoki 59,1 foizi erkaklar, 29 ming 196 nafari yoki 40,9 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

 

Abituriyentlarning 88 foizdan ortig‘i o‘zbek tilini tanlagan

 

Ta’lim tili bo‘yicha eng katta ulush o‘zbek tilida ta’lim olishni tanlagan abituriyentlarga tegishli bo‘lib, ularning soni 63 ming 21 nafarni yoki umumiy ko‘rsatkichning 88,2 foizini tashkil etadi.

 

Rus tilida ta’lim olish istagini bildirganlar 7 ming 386 nafar (10,3 foiz), qoraqalpoq tilida 888 nafar (1,2 foiz), boshqa tillarda esa 151 nafar (0,2 foiz) abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

 

Hududlar bo‘yicha taqsimot:

 

  1. Toshkent shahri — 15 460 nafar (21.6%)
  2. Samarqand viloyati — 7 942 nafar (11.1%)
  3. Andijon viloyati — 6 779 nafar (9.5%)
  4. Farg‘ona viloyati — 6 286 nafar (8.8%)
  5. Qashqadaryo viloyati — 5 308 nafar (7.4%)
  6. Namangan viloyati — 4 523 nafar (6.3%)
  7. Navoiy viloyati — 4 372 nafar (6.1%)
  8. Xorazm viloyati — 3 900 nafar (5.5%)
  9. Jizzax viloyati — 3 631 nafar (5.1%)
  10. Buxoro viloyati — 3 478 nafar (4.9%)
  11. Surxondaryo viloyati (Termiz shahri) — 2 629 nafar (3.7%)
  12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 2 521 nafar (3.5%)
  13. Sirdaryo viloyati — 2 372 nafar (3.3%)
  14. Surxondaryo viloyati (Denov tumani) — 1 506 nafar (2.1%)
  15. Nurafshon shahri (Toshkent viloyati) — 619 nafar (0.9%)
  16. So‘x tumani — 120 nafar (0.2%)

 

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, 15 ming 460 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 21,6 foizini tashkil etadi. Shuningdek, Samarqand, Andijon va Farg‘ona viloyatlari ham abituriyentlar soni bo‘yicha yetakchi hududlar qatoridan joy olgan.

 

Eng past ko‘rsatkich esa So‘x tumanida qayd etilgan bo‘lib, 120 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, Nurafshon shahri va Denov tumanida ham boshqa hududlarga nisbatan ro‘yxatdan o‘tganlar soni kamroq ekani kuzatilmoqda.

 

Bundan kelib chiqadiki, kuzatilayotgan bunday faollik joriy yilda oliy ta’limga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni davom etayotganini hisobga olsak, abituriyentlar soni kelgusi kunlarda yanada ortishi kutilmoqda.