Berlin arxivida Germaniyada tahsil olgan ilk oʻzbek talabalariga oid tarixiy hujjatlar aniqlandi. Mutaxassislar ushbu manbalar Turkiston tarixining kam oʻrganilgan jihatlarini yoritishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlamoqda.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Germaniyaga qilgan ilmiy safari chogʻida Berlin shahridagi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi arxivida Oʻzbekiston tarixiga oid qimmatli hujjatlarni aniqladi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Qayd etilishicha, topilmalar orasida XX asrning 20-yillarida yurtimizdan Germaniyaning oliy taʼlim muassasalariga yuborilgan talabalar, ularni qoʻllab-quvvatlash uchun tuzilgan madaniy komissiya faoliyati hamda Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati tarixiga doir manbalar mavjud.
Bundan tashqari, arxiv materiallari orasidan oʻz davrining taniqli maʼrifatparvar va ziyolilaridan biri boʻlgan Xayriniso Majidxonovaga oid hujjatlar ham topilgan.
Mutaxassislar ushbu manbalar Turkiston tarixining yetarlicha oʻrganilmagan jihatlarini tadqiq etish, shuningdek, Germaniyada tahsil olgan oʻzbek yoshlarining hayoti va faoliyatini yanada chuqurroq yoritishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashmoqda.




