Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi tortishuv yuzaga kelgani hamda o‘qituvchining noutbuki yerga uloqtirilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan mas’ul tashkilotlar hozircha rasmiy munosabat bildirmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchisi va o‘qituvchi o‘rtasidagi kelishmovchilik aks etgan video tarqaldi.
Videoda o‘quvchi qiz va o‘qituvchi o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgani, shuningdek, o‘qituvchiga tegishli kompyuter qurilmasi yerga uloqtirilgani tasvirlangan.
Holat qaysi hudud va qaysi ta’lim muassasasida sodir bo‘lgani hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
Shuningdek, mas’ul tashkilotlar tomonidan voqea yuzasidan hozircha rasmiy munosabat bildirilmagan.
Ayni damda mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, ta’lim mavzusida kontent tayyorlovchi ijtimoiy tarmoq faoli Isroil Tillaboyev o‘zining Telegram sahifasida ushbu holat yuzasidan fikr bildirib, maktablardagi muhit va o‘qituvchi sha’niga hurmat masalasiga e’tibor qaratgan.
‘‘Mana, maktablarda yana bir ko‘ngilxiralik yuz berdi. Bir o‘quvchi qiz o‘qituvchini sansirab, haqorot qilgani va o‘qituvchining noutbukini polga urib chilparchin qilgan videosi tarqaldi. ‘‘O‘qituvchi nohaq, chidaganga chiqargan, bu eskirgan metodika, axmoq bo‘lmang’’ – deb aytayotganlar bunga nima deyishar ekan-a….’’, — deya yozadi Isroil Tillaboyev.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktabda o‘qituvchi va 9-sinf o‘quvchisi o‘rtasida yuz bergan mushtlashuv aks etgan videolar tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
