Samarqanddagi maktab mas’ullari 114 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Samarqanddagi maktab mas’ullari 114 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Samarqand shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining mas’ul shaxslari tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 114,6 million so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida tabiiy gazdan noqonuniy tarzda foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.

 

Aniqlanishicha, viloyat maktabining mas’ul shaxslari tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 114,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) hamda 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz va vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Hozirda mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

 

Avvalroq, Andijondagi oilaviy bog‘chalardan biri 226 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani haqida xabar bergan edik.