Farg‘ona viloyatidagi Oltiariq tumani Ixtisoslashtirilgan maktabining 11-tabiiy sinf o‘quvchisi Qodirova Mohinur Muhammadsobir qizi muddatidan avval talabalikni qo‘lga kiritdi. Kimyo va biologiyadan A darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bo‘lib, u kelajakda kardioxirurg bo‘lishni maqsad qilgan.
Farg‘ona viloyatidagi Oltiariq tumani Ixtisoslashtirilgan maktabining 11-tabiiy sinf o‘quvchisi Qodirova Mohinur Muhammadsobir qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘ldi. Xususan, u kimyo va biologiyadan A, o‘zbek tili va adabiyot B+, tarix C+ va matematika C darajali sertifikatlar olgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
“Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfda paydo bo‘ldi”
O‘quvchiga sertifikat olish fikri 9-sinfning 2-yarmida kelgan bo‘lib, ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qigani uchun sertifikat olish unchalik qiyin kechmagan.
“1-sinfdan boshlab Ixtisoslashtirilgan maktabda har bir fan chuqur o‘qitilgani uchun majburiy fanlardan sertifikat olish oson bo‘lgan. Lekin kimyo fanidan tayyorgarlik oson bo‘lmagan. Biologiyadan masalalarni juda yaxshi ishlardim lekin nazariya o’qib mavzularni yodlash juda qiyin edi,” – deydi Mohinur.
Kimyo uchun u ikki yil, biologiya uchun 9 oy, matematika uchun 2 oy, ona tili va tarix uchun esa bir oy muddat ajratgan.
“Asosiy manbalar maktab darsliklari bo‘lgan”
Men foydalangan eng asosiy manbalar — albatta maktab darsliklari edi. Repetitor o‘qituvchilarim tinmay shu darsliklar bo‘yicha savol javob qilardi. Har oyda DTM imtihonlari tashkil qilinardi va biologiyadan har hafta sertifikat darajasidagi haqiqiy imtihon muhitidagi sinovlar olinardi. Ularda yaxshi natijaga erishish uchun qattiq harakt qilardik. Men ko‘proq sertifikat kitoblaridan variant testlari ishlardim. Savol-javobda berilgan savollar ham juda katta foyda berardi. Bir marta berilgan savolni o‘rnida javobini topib yodlab olardik, — deydi u.
U turli fanlardan sertifikatga tayyorlanganidagi jarayon haqida quyidagi qo‘shimchalarni ham aytib o‘tdi:
Savollar, ayniqsa biologiya va tarix fanlaridan juda katta mahorat bilan tuzilgan desam bo‘ladi. Chunki tarix savollari barcha fanlarga oid edi. Biologiyadan esa har safar yozma ish uchun yangicha masalalar tuzilishi menga yoqardi. Ona tili oson edi, chunki o‘qish kerak bo‘lgan asarlar va mavzular aniq aytilgandi. Kimyo qiyinroq bo‘lgan. Anorganik reaksiyalarni yod olishda qiyinchilik bo‘lgan. Matematikada esa algebradan ko‘ra geometriya masalalari men uchun qiyin bo‘lgan.
“Darslar ertalab soat 6–7 da boshlanardi..”
Mohinurning aytishicha, maktab soat 8 dan 16:00 gacha bo‘lgani sabab bo‘sh vaqti juda kam bo‘lgan.
Maktab 8 dan 16 gacha bo‘lgani sabab, maktabda deyarli bo‘sh vaqtimiz kam edi. Maktabdan kelgach, uy ishlarini bajarib bo‘lib, uxlab qolguncha dars qilardim. Aniq tartib yo‘q edi, ammo bo‘sh vaqt qoldi deguncha kitob ochib mavzuni o‘qirdim, test ishlardim.
Shu bilan birga, boshqa abituriyentlar singari kechasi uxlamagan kunlari ham bo‘lgan.
Uyqusiz tunlar ham bo‘lgan, xatto bir masalani ishlay olmasam ham uxlay olmasdim, javobini topguncha savol miyamda aylanaverardi. Darslar esa ertalab soat 6-7 da boshlanardi. Vaqtli uyg‘onish kerak edi, eng ko‘pi 5 yoki 6 soat uxlardim, – deydi Mohinur.
Ba’zan darslarda ham uxlab qolgan kunlari bo‘lgan, lekin ertalab uyg‘onish va o‘z ustida ishlash uning kun tartibining ajralmas qismi bo‘lgan.
“Birinchi muvaffaqiyatsizlik — motivatsiya manbai”
Mohinurning so‘ziga ko‘ra, birinchi marta kimyodan sertifikat topshirganida sertifikat ola olmagan. Bu esa uni tushkunlikka tushirib qo‘ygan.
1 oy depressiyada yurganman. O‘shanda oyim menga motivatsiya berib, yana o‘qishimga kuch bergan. Onam eng katta motivatorim bo‘lgan. Men o‘qishim uchun sharoit yaratib, kam ish qildirardi, tinch muhit yaratib berardi. Shu sababdan, men shu ishonchni oqlash uchun oxirigacha harakat qildim.
Bu tajriba unga sabr-toqat va qat’iyatning qanchalik muhimligini o‘rgatgan.
“Imtihon – jang emas, imkoniyat”
Sertifikatlar sohibasi imtihonlarga yondashuvini shunday tushuntiradi:
Birinchi o‘rinda hayajonni yo‘qotish kerak. Umuman savollardan qo‘rqmaslik kerak. Yangi mavzulardan savollar bo‘lsa ham, uni o‘rgangan boshqa bilimlarga bog‘lab topish mumkin. Imtihon bu jang emas, imtihon – bu imkon.
“Mukammal bilim, yaxshi o‘qituvchi va sog‘lom muhit”
Uning fikricha, muvaffaqiyat uchun atrofdagi muhit muhim:
Tengdoshlarimizning bilimga intilishi sog‘lom raqobatni shakllantiradi. Har bir fan o‘z o‘rnida o‘tilib, mukammal o‘rganilsa, o‘quvchi natijaga erishishi oson bo‘ladi. Matematika — eng muhim fan. Uni yaxshi o‘rganish lozim. Avval matematika, keyin boshqa fanlar, – deydi Mohinur.
Ayni paytda Mohinur IELTS olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Prezident va til stipendiyasini olishni maqsad qilganman. Muhimi to‘xtab qolmaslik. Chunki to‘xtagan odamning o‘tirgisi, yotgisi va uxlagisi keladi! – deydi Mohinur.
Mohinurni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani 34-maktabning 11-“B” sinf o‘quvchisi Xikmatova Mavjuda Xusan qizi bir nechta fanlardan sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
