Shavkat Mirziyoyev Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Unda mamlakatda xotin-qizlarning oliy ta’limdagi ishtiroki sezilarli darajada oshgani va ularning jamiyatdagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari II forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Murojaatda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining ustuvor yo‘nalishiga aylangani qayd etildi.
‘‘Zero, ayolga e’tibor – bu, avvalo, inson shaxsiga, uning qadriga bo‘lgan yuksak ehtiromning oliy namunasidir. Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash faqat siyosiy vazifa emas, balki erkin va farovon jamiyat barpo etish yo‘lidagi izchil demokratik yangilanishlarning ajralmas qismi hamdir’’ — deyiladi murojaatda.
Shuningdek, oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida talaba-qizlar soni sezilarli darajada oshganiga ham urgʻu berildi.
“Oliy taʼlim muassasalari talabalari orasida ayollar ulushi keskin ortgani, jumladan, magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning soni oxirgi besh yilda 11 karraga koʻpayganini islohotlarimizning muhim strategik natijasi deb bilamiz”, — dedi davlat rahbari.
Murojaatda xotin-qizlarning intellektual salohiyatidan samarali foydalanish, ularning iqtisodiyot va innovatsiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, Prezident tomonidan ishbilarmon ayollar uchun sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar boʻyicha koʻnikmalarni shakllantirish, startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan maxsus platforma tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
