Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuniga qo‘shimcha kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi xorijda o‘qish uchun grant yutgan taqdirda, ish o‘rni saqlanib, o‘quv dasturi yakunlangandan so‘ng, tegishli davlat organi tizimida ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Bugun, 13-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy malakasini oshirish kafolatlarini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan davlat xizmatchisi nufuzli xorijiy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktoranturaga o‘qish bo‘yicha grant yutganda, ish beruvchining yozma roziligi asosida uning ish o‘rni (lavozimi) saqlanishi taklif etilgan.
Shuningdek, ish beruvchi tomonidan rozilik berishda o‘quv dasturining yo‘nalishi ushbu davlat organi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishini inobatga olish nazarda tutilgan.
Loyihada o‘quv dasturi yakunlangandan so‘ng davlat fuqarolik xizmatchisi zimmasiga tegishli davlat organi tizimida xorijda tahsil olish davriga teng muddatga ishlab berish majburiyati ham yuklanmoqda.
Shu bilan birga, davlat fuqarolik xizmatchisining xorijda o‘qish davri uning mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi, ko‘p yillik xizmati uchun har oylik ustama belgilashda inobatga olinishi nazarda tutilgan.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Avvalroq, xorijda tahsil olgan talabalar diplomini bazaga qanday kiritishi haqida xabar bergan edik.
