Olmaliqda haydovchi ikki nafar maktab oʻquvchisini urib yubordi, ulardan biri vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
12-may kuni soat taxminan 14:00 larda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida 26 yoshli haydovchi piyodalar oʻtish joyidan yoʻlni kesib oʻtayotgan 2017-yilda tugʻilgan ikki nafar maktab oʻquvchisini urib yuborgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, hodisa natijasida piyodalarning biri olgan tan jarohatlari oqibatida kasalxonada vafot etgan. Yana bir nafari kasalxonaga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, haydovchi mazkur ishga jalb qilingan holda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, 13 nafar bolani Matizda bogʻchaga olib ketayotgan ayol YTH ga uchragani haqida xabar bergan edik.
