98 ball olgan fizika o‘qituvchisi: “Har bir ishga astoydil yondashuv — muvaffaqiyatning asosiy kaliti”

98 ball olgan fizika o‘qituvchisi: “Har bir ishga astoydil yondashuv — muvaffaqiyatning asosiy kaliti”

Buxoro viloyati Olot tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internatining fizika fani o‘qituvchisi Sohibjon Mamatqulov attestatsiya sinovlarida 98 ball natija qayd etdi. U qisqa muddatli, ammo qat’iy reja asosida tayyorgarlik olib borib, yuqori natijaga erishganini ta’kidladi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri attestatsiyada 98 ball to‘plagan o‘qituvchi Sohibjon Mamatqulov bilan toifa sinoviga tayyorgarlik jarayoni va muvaffaqiyati haqida suhbatlashdi.

 

Universitetdan ixtisoslashtirilgan maktabgacha

 

Sohibjon Mamatqulovning ta’kidlashicha, u 2010–2016-yillar davomida O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. Shundan so‘ng, 2016-yildan boshlab tumanidagi 31-sonli fizika-matematikaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida faoliyat boshlagan.

 

“2022-yildan boshlab ushbu maktab Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga o‘tdi. Hozirda Olot tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ish faoliyatimni olib boryapman”.

 

“10 kunlik qat’iy rejim asosida tayyorlandim”

 

O‘qituvchi attestatsiyaga tayyorgarlik uzoq davom etmaganini ta’kidlaydi.

 

“Attestatsiyaga tayyorgarlik jarayonida 10 kunlik qat’iy rejim asosida mutaxassislik fanim va pedagogika bo‘yicha tayyorlandim”, — deydi u.

 

Uning aytishicha, 10 kun davomida Telegram’dagi turli guruhlarda tuzilgan 35 talik test topshiriqlarini vaqt asosida ishlab, test yechish tezligini oshirishga alohida e’tibor qaratgan.

 

“Savollar yangicha fikrlashga undaydi”

 

O‘qituvchining fikricha, bugungi attestatsiya savollari avvalgi yillardagi testlardan keskin farq qiladi. Endilikda savollar faqat nazariy bilimni emas, balki mulohaza qilish va fanni real hayot bilan bog‘lash ko‘nikmasini ham talab qilmoqda.

 

“Attestatsiya savollari spetsifikatsiya asosida, aynan maktab darsliklari mavzulari bo‘yicha tuzilgan. Faqat savollar o‘qituvchiga murakkab tuyilishi mumkin, sababi ular yangicha turda. Ya’ni asosan mulohaza qilishga va fanni hayot bilan bog‘lashga undovchi savollar”, — deydi pedagog.

 

U bunga oddiy misol ham keltirdi:

 

“Biz ilgari topshiriqlarda elektr sxemasini oddiy holatlar ko‘rgan bo‘lsak, hozir haqiqiy fotosuratlar asosida taqdim etiladi. Uni o‘zimiz o‘rgangan holatga keltirib olishimiz ayrim o‘qituvchilar uchun biroz murakkablik qilishi mumkin.”

 

Tayyorgarlik jarayoni

 

Pedagog dars jarayonida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmaganini aytadi. Bunga sabab sifatida esa hozirgi darsliklar tizimini ko‘rsatdi.

 

“Dars berish jarayonimda deyarli qiyinchiliklarga duch kelmadim. Chunki hozirgi darsliklarimiz Cambridge darsliklari asosida tuzilgan bo‘lib, darsning har bir bosqichini o‘qituvchiga juda oson olib borishga katta yordam beradi”.

 

“Yakka emas, jamoa bo‘lib ishlash kerak”

 

98 ballik natija ortida faqat individual mehnat emas, balki hamkorlikdagi ishlash madaniyati ham muhim rol o‘ynaganini o‘qituvchi alohida ta’kidladi.

 

“Har bir ishga astoydil yondashuv ko‘zlangan maqsadga erishishning asosiy kaliti desam mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘qituvchilar o‘z ustida yakka tartibda emas, balki maktabdagi hamkasblari, sinfidagi o‘quvchilari bilan birga ishlashni odat qilishlarini maslahat beraman”, — dedi u.

 

Endigi maqsad — xalqaro sertifikatlar

 

Yuqori natijadan xursand ekanini aytgan pedagog endilikda o‘z oldiga yangi maqsadlarni qo‘ygan.

 

“Kelgusida chet tili — ingliz tilidan sertifikat olish va fizika fanidan xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritish uchun harakat boshlayman”, — deydi u.

 

Uning fikricha, o‘qituvchi doimiy izlanishda bo‘lsa, nafaqat attestatsiyada, balki ta’lim sifatini oshirishda ham yuqori natijalarga erisha oladi.

 

Avvalroq, attestatsiyada maksimal ball to‘plagan jizzaxlik boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Rayxonova Maxfuza Bahodir qizi bilan suhbatlashgan edik.