O‘zbekiston koreys tili o‘qitiladigan maktablar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilikni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston koreys tili o‘qitiladigan maktablar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilikni qo‘lga kiritdi

Soʻnggi bir yil ichida Oʻzbekistonda koreys tiliga ixtisoslashgan 68 ta yangi taʼlim muassasasi ochilib, mamlakat koreys tilini oʻqitiladigan maktablar soni boʻyicha birinchilikni qayd etdi. Koreys tiliga boʻlgan qiziqishning ortishi yoshlar orasida Janubiy Koreya madaniyatining ommalashuvi, xususan, K-pop musiqasi va doramalar orqali tarqalishi bilan bevosita bogʻliq.

 

Oʻzbekiston koreys tili oʻqitiladigan maktablar soni boʻyicha dunyo boʻylab birinchi oʻrinni egalladi. Yonhap agentligining xabariga koʻra, soʻnggi bir yil ichida mamlakatda koreys tiliga ixtisoslashgan 68 ta yangi taʼlim muassasasi ochilgan. Bu koʻrsatkich bilan Oʻzbekiston dunyo boʻyicha eng yuqori natijaga erishdi va Vyetnam, Shri Lanka, Filippin, Braziliya va AQSHni ortda qoldirdi.

 

Koreya taʼlim vazirligi koreys tiliga boʻlgan qiziqishning ortishi yoshlar orasida Janubiy Koreya madaniyatining ommalashuvi bilan bevosita bogʻliqligini aytgan. Xususan, K-pop musiqasi, doramalar va internet platformalari orqali koreys madaniyati dunyo boʻylab tarqaldi, bu esa koreys tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqishni kuchaytirgan. Shuningdek, Janubiy Koreya tuzilmalari, jumladan, Koreyaning taʼlim sohasida faoliyat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan oʻquv dasturlarini qoʻllab-quvvatlash ham muhim omil boʻldi. Ushbu loyihalar sinf xonalarini jihozlash, maxsus oʻquv adabiyotlarini taqdim etish va oʻqituvchilarning malakasini oshirishni oʻz ichiga oladi.

 

2025-yil yakuniga koʻra, dunyo boʻylab koreys tilini oʻqitiladigan maktablar soni 2,7 mingtaga yetgan. Bu soʻnggi toʻrt yil ichida bunday muassasalar soni 54 foizga ortganini koʻrsatadi. Hozirda Janubiy Koreyadan tashqarida koreys tilini oʻrganayotgan oʻquvchilar soni 236 ming nafarni tashkil etmoqda.

 

Dunyo boʻylab 47 mamlakatda boshlangʻich, oʻrta va maktablar koreys tili darslarini taklif qilmoqda — bu koʻrsatkich 2024‑yilga nisbatan 9.9 foizga koʻp.

 

2021‑yilda koreys tili oʻqitiladigan maktablar soni 1 806 tani, 2022‑yilda 1 928 ta, 2023‑yilda 2 154 ta va 2024‑yilda 2 526 ta maktabni tashkil qilgan. Bugungi kunda esa koreys tilida dars beradigan maktablar soni jami 2 777 ga yetgan.

 

Shu bilan birga, Janubiy Koreya universitetlari oʻzbekistonlik talabalar orasida eng koʻp tanlanayotgan muassasalardan hisoblanadi. Oʻzbekistonda Koreya universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va Koreya oliy oʻquv yurtlarining filiallari faoliyat yuritmoqda. Turli madaniyat festivallari, til olimpiadalari va akademik almashinuv dasturlari orqali koreys tiliga boʻlgan qiziqish yanada oshmoqda, bu esa koreys tilini oʻrganuvchilar sonining ortishiga xizmat qilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekistonda nodavlat maktablar soni 21 foizga oshgani haqida xabar bergan edik.