‘‘Jasorat maktablari’’ga birinchi bosqich kirish imtihonlari spetsifikatsiyasi tasdiqlandi

‘‘Jasorat maktablari’’ga birinchi bosqich kirish imtihonlari spetsifikatsiyasi tasdiqlandi

2026-2027-o‘quv yili “Jasorat maktablari”ga kirish uchun birinchi bosqich imtihonlari spetsifikatsiyasi tasdiqlandi. Hujjatda test topshiriqlari tarkibi, baholash mezonlari va imtihon tartibi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan.

 

Avvalroq, xabar berganimizdek, joriy yilning 15-mayidan 4-iyuniga qadar ‘‘Jasorat maktablari’’ga kirish uchun hujjatlar qabuli amalga oshiriladi.

 

Mazkur maktablarga birinchi bosqich kirish imtihonlari spetsifikatsiyasi tasdiqlandi. Unda imtihon savollari qanday manbalarga asoslanishi, savollar turlari va ularni baholash mezonlari haqida batafsil maʼlumot berilgan.

 

Unga ko‘ra, test savollari matematika, ona tili va mantiqiy fikrlash yo‘nalishlarini qamrab oladi. Har bir test variantida 20 ta matematika faniga, 10 ta mantiqiy fikrlashga, 20 ta ona tili faniga oid bitta muqobil javobga ega bo‘lgan test topshiriqlaridan iborat bo‘ladi.

 

Talabgorlarga test topshiriqlarini bajarish uchun 100 daqiqa vaqt ajratiladi. Baholash mezoniga muvofiq, har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball beriladi, notoʻgʻri javob uchun esa 0 ball beriladi. Test sinovlarida maksimal 50 ball to‘plash mumkin.

 

Shuningdek, imtihon jarayonida mobil telefon, aqlli soat, planshet va elektron eslatmalardan foydalanish qat’iyan taqiqlanishi qayd etilgan. Nusxa ko‘chirish, boshqalardan yordam so‘rash yoki yordam berish, imtihon vaqtida gaplashish kabi holatlar qoidabuzarlik sifatida baholanadi.

 

Nazoratchilar tomonidan qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda, ishtirokchi test sinovidan chetlashtiriladi va uning natijalari bekor qilinadi.

 

“Jasorat maktablari”ga oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik koʻrayotgan barcha nomzod oʻquvchilar hamda ularning ota-onalari ushbu spetsifikatsiya bilan tanishib chiqishi tavsiya etiladi.

 

Spetsifikatsiya to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin — Spetsifikatsiya