Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi “Jasorat maktablari”ga 2026-2027-o‘quv yili uchun qabul eʼlon qilinadi. Bu haqda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi xabar berdi.
Hujjatlar qabuli joriy yilning 15-mayidan 4-iyuniga qadar my.gov.uz hamda ariza.piima.uz saytlari orqali onlayn amalga oshiriladi.
Qanday hujjatlar talab etiladi?
– oʻquvchilarning tegishli oʻquv yili natijasiga koʻra, baholar tabelining umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
– belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma;
– oʻquvchilarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi va ularning ota-onalari (qonuniy vakili) biometrik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-karta) maʼlumotlari, bogʻlanish uchun mobil telefon raqamlari.
Talabgor o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun qulaylik yaratish maqsadida:
- murojaatchilarning savollariga javob berish uchun 1206 qisqa raqamli call-markaz faoliyat boshlagan;
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining barcha hududiy boshqarmalarida maxsus shtablar tashkil etildi.
Mazkur shtablar har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadi hamda hujjat topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlarga malakali mutaxassislar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Maʼlumot uchun: ushbu maktablarga kirish imtihonlari joriy yilning iyun-iyul oylarida bo‘lib o‘tadi.
Bundan tashqari, joriy yil 15-maydan 2026/2027-o‘quv yili uchun “Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturiga, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga va Agentlik tizimidagi sport maktablariga ham hujjatlar qabuli ochiladi.
