Milliy sertifikat imtihonlaridan norozi boʻlgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining natijalari qayta koʻrib chiqildi

Milliy sertifikat imtihonlaridan norozi boʻlgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining natijalari qayta koʻrib chiqildi

2026-yil 25–27-fevral hamda 3–4-mart kunlari o‘tkazilgan  milliy sertifikat imtihonlari va natijalaridan norozi bo‘lgan jismoniy tarbiya fani o’qituvchilarining natijalari qayta ko‘rib chiqildi va natijalar e’lon qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi 652-son “Musiqa madaniyati fani va jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini aniqlash va ularga milliy sertifikat berish bo‘yicha 2026-yil 25–27-fevral hamda 3–4-mart kunlari o‘tkazilgan test sinovlari natijalari e’lon qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining mazkur imtihonning ikkinchi bosqichi — amaliy (ijodiy) sinov natijalarini qayta hisoblash yuzasidan yuborgan rasmiy murojaatiga asosan imtihon natijalari qayta hisoblandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

 

Talabgorlar o‘z natijalarini my.gov.uz saytining “Mening arizalarim” bo‘limi orqali bilishlari hamda sertifikatni elektron shaklda yuklab olishlari mumkin.

 

Test natijalari xalqaro metodika — Rash modeli asosida hisoblangan bo‘lib, talabgorlarga to‘plagan ballari asosida quyidagi darajalar bo‘yicha sertifikatlar taqdim etiladi:

 

 70 balldan yuqori — A+ daraja;

65–69,9 ball — A daraja;

60–64,9 ball — B+ daraja;

55–59,9 ball — B daraja;

50–54,9 ball — C+ daraja;

46–49,9 ball — C daraja.