‘‘Rektorlar maktabi’’ga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi belgilandi

‘‘Rektorlar maktabi’’ga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi belgilandi

2026-yil 1-iyuldan “Yangi O‘zbekiston” universitetida tashkil etiladigan “Rektorlar maktabi” dasturiga 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr darajasiga ega hamda oliy ta’lim tizimida kamida 5 yil ishlagan, shundan 2 yil rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan nomzodlar ochiq tanlov asosida qabul qilinadi.

 

Avvalroq, zaxira nomzodlar tayyorlaydigan “Rektorlar maktabi” tashkil etilishi haqida xabar bergan edik. Bu bo‘yicha hukumatning “Yangi Oʻzbekiston” universitetida “Rektorlar maktabi” dasturini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi (177-son, 16.04.2026-y.) qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, 2026-yil 1-iyuldan “Yangi Oʻzbekiston” universitetida davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash boʻyicha “Rektorlar maktabi” dasturi (Dastur) yoʻlga qoʻyiladi.

 

Dastur davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.

 

Dastur doirasida quyidagi mezonlarga mos keluvchi shaxslar ochiq tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi:

 

30 yoshga toʻlgan;

— kamida magistr akademik darajasiga ega;

— oliy taʼlim sohasida kamida 5-yillik ish tajribasiga ega, shu jumladan, 2-yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

 

Dastur tinglovchilarida quyidagi yoʻnalishlarda bilim va koʻnikmalar rivojlantiriladi:

 

  • akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv;
  • sunʼiy intellekt va raqamlashtirish;
  • strategik boshqaruv va transformatsiya .

 

Dasturning oʻquv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) 6 oygacha boʻlgan muddatda tashkil etiladi.

 

Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi.

 

Dastur yakunlari boʻyicha eng yaxshi natija koʻrsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSH) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy taʼlim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.