O‘qituvchilarni navbatchilikda turishga majburlagan deya ishdan olingan Buvayda tumanidagi maktab direktori ishiga qayta tiklanadi

O‘qituvchilarni navbatchilikda turishga majburlagan deya ishdan olingan Buvayda tumanidagi maktab direktori ishiga qayta tiklanadi

Xabaringiz bor, Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi maktabda oʻqituvchilar bayram kunlari navbatchilik qilgani muhokamalarga sabab boʻlgandi. Voqea ommaga ochiqlangach, maktab direktori ishdan olingandi.

 

Mehnat inspeksiyasi direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi noqonuniy tarzda bekor qilinganini aniqladi.

 

Shudan so‘ng, OAVlar va tarmoqlarda navbatchilikka asos boʻlgan xatlar skrinshoti tarqala boshladi. Mazkur tashabbus Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligidan chiqqani ayon bo‘lib, keyin barcha hududlar boshqarmalari, tuman va shaharlar bo‘limlari tomonidan o‘ziga tegishlik tashkilotlarga topshiriq xati sifatida tushirilgani aniqlandi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati izohiga ko‘ra, topshiriqda o‘qituvchilar navbatchilik qilishi nazarda tutilmagan.

 

Vazirlikdan maktab oʻqituvchilari navbatchilikka tursin degan topshiriq tushmagan”, dedi vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirova.

Biroq, vazirlik rasmiysi navbatchilikda kim turishi nazarda tutilganiga aniqlik kiritmagan.

 

2026-yil 8-yanvar kuni Mehnat inspeksiyasi 37-maktabdagi holat boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalarini ochiqladi.

 

Qayd etilishicha, mehnat qonunchiligi talablarini buzgani uchun maktab direktori maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Ish beruvchiga navbatchilikka jalb qilingan xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq ikki hissa miqdorida ish haqi toʻlab berish boʻyicha yozma koʻrsatma kiritilgan.

 

“Daryo” nashrining xabariga koʻra, Mehnat inspeksiyasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Nilufar Amanniyazova Fargʻona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maktab direktorini lavozimidan boʻshatishda mehnat qonunchiligini buzganini aytgan.

 

“Maktab direktori bilan suhbatlashilganda mehnat shartnomasi bekor qilinganidan xabari yoʻqligini bildirdi. Ish beruvchi direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda qoʻpol qonunbuzilishga yoʻl quygan. Inspeksiya nafaqat oʻqituvchilar mehnat huquqlarini himoya qiladi, balki maktab direktorini ishga tiklanishini ham taʼminlaydi”, dedi inspeksiya rahbari.

 

Nilufar Amanniyazovaning aytishicha, dam olish va bayram kunlari ishga jalb qilishda xodim roziligi olinishi kerak hamda qonunchilikka muvofiq toʻlovlarni ham amalga oshirish lozim.