Hukumatning 2025-yil 31-dekabrda “Yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va koʻnikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yoʻnaltirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 849-son qarori qabul qilindi.
Unga ko’ra, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
1. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilishi belgilangan:
“8. Xalqaro IT-sertifikatlar boshlangʻich darajada boʻlganda 30 foiz, oʻrta darajada boʻlganda 40 foiz hamda professional darajada boʻlganda 60 foiz miqdorda sarflangan xarajatlar qoplab beriladi.
Ingliz tili boʻyicha B2 va undan yuqori darajadagi hamda professional darajadagi IT-sertifikatga ega boʻlgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatni olish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.
Bunda professional darajadagi xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan yoshlarning mazkur sertifikatni olish xarajatlari ushbu Reglamentga 2-ilovada nazarda tutilgan ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatlar roʻyxatiga muvofiq toʻliq qoplab beriladi”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilgan:
“9. Xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun oʻquv markazlarida oʻqiganlik xarajatlari toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi tijorat banki ma’lumotnomasi yoki toʻlov kvitansiyasi nusxasi (pdf shaklda) taqdim etilganda qoplab beriladi”.
3. 12-bandda uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilgan:
– ‘‘ariza beruvchi (yoki uning ota-onasi yoxud qonuniy vakili) tomonidan xalqaro IT-sertifikat uchun o‘qish va uni olish xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi tijorat banki ma’lumotnomasi va to‘lov kvitansiyasining nusxasi (pdf shaklda)’’;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilgan:
– ‘‘agar ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikatni olish uchun o‘quv kursiga sarflangan xarajatlarni qoplash maqsadida so‘rovnoma to‘ldirayotgan bo‘lsa, u holda ariza beruvchi (yoki uning ota-onasi yoxud qonuniy vakili) hamda o‘quv markazi o‘rtasida xalqaro IT-sertifikatini olish uchun tuzilgan shartnoma nusxasi va o‘quv kursini tasdiqlovchi xujjatlar nusxasi (pdf shaklda)’’.
