Davlat oliy ta’lim muassasalarida 2023-2024-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida bir talabaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha o‘qitish xarajatlari va uning qoplanish holati tahlili e’lon qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tahliliga ko‘ra, o‘rtacha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha stipendiyasiz o‘qitish xarajatlari 13 mln 640 ming so‘mni tashkil qiladi. O‘rtacha to‘lov kontrakt qiymati esa 7 mln 446 ming so‘m, ya’ni xarajatlarning 54 foizini qoplaydi.
Tahlilda ko‘rsatilishicha, hech bir sohada kontrakt miqdori yillik xarajatlarni to‘liq qoplamaydi.
Kontrakt summasi xarajatlarning katta qismini qoplaydigan yo‘nalishlar ro‘yxatida huquq (81,2 foiz), jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar (81,2 foiz), jahon siyosati (81,2 foiz), iqtisod (75,6 foiz) va axborot texnologiyalari (75,6 foiz) yo‘nalishlari o‘rin olgan.
Bu borada eng kichik ulush esa arxitektura, qishloq hududlarini arxitektura-loyihaviy tashkil etish (46,7 foiz), sport faoliyati (36,1 foiz) hamda san’at (27 foiz) kabi yo‘nalishlar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlash lozim, tahlilda har bir talabaga to‘lanadigan yillik stipendiya miqdori 6 mln 214 ming so‘m qilib hisoblangan. Shuningdek, o‘qish xarajatlari yana nimalardan tashkil topgani haqida ma’lumot berilmagan.