“Scholastic Aptitude Test — SAT” sertifikatlari Agentlikka elektron tarzda (DI kod orqali) yuborilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 578-son qaroriga muvofiq 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “College Board” tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan “Scholastic Aptitude Test — SAT” xalqaro imtihonida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natijadagi sertifikatga ega abituriyentlar sertifikat berilgan fan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kirish imtihonlari fanlari majmuasi tarkibida mavjud boʻlsa oliy taʼlim tashkilotlariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
2026/2027-o‘quv yili оliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonida SAT sertifikatlari bo‘yicha beriladigan imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan talabgorlar SAT sertifikatlarini 35787 DI kodi orqali Agentlikka yuborishlari talab etiladi.
