Prezident grantlari uchun test sinovlari o‘tkazildi: necha nafar talabgor ishtirok etdi?

Prezident grantlari uchun test sinovlari o‘tkazildi: necha nafar talabgor ishtirok etdi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘grisida” 2021-yil 6-iyuldagi PQ-5172-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasidagi davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar talaba orasidan Prezident granti sovrindorlarini aniqlash belgilangan.

 

Joriy yil 26-noyabr kuni Bilimni baholash agentligi tomonidan Prezident granti tanlovi ishtirokchilari va xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish fanlari bo‘yicha test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

 

Talabgorlar xorijiy til va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test sinovi topshirdi. Unda 45 nafar talabgor ishtirok etdi.

 

Test sinovlarida har bir fan bo‘yicha 50 tadan savol berilishi belgilangan va har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball 200 ballni tashkil etadi.

 

Test sinovi natijalari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etiladi.

 

Yaxshi natija qayd etganlar qanday taqdirlanadi?

 

Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning oʻquv yili boshidan oyma-oy toʻlanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi.

 

Navbatdagi oʻquv semestri yakuniga koʻra, barcha fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi faqat “aʼlo” baho boʻlganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va toʻlab boriladi.

 

Shuningdek, oʻqish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos va turdosh mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.

 

 

Ushbu stipendiya miqdori Prezident stipendiyasi bilan bir xil. Prezident stipendiyasi esa 2 410 695 soʻmni tashkil etadi.