Har yili 17-noyabr kuni – Xalqaro talabalar kuni (International Students’ Day) nishonlanadi.
Ushbu kun 1941 yili Londonda fashizmga qarshi kurashayotgan talabalarning uchrashuvi vaqtida joriy qilingan. Biroq bu bayram bir necha yildan soʼng, yaʼni 1946-yildan buyon keng nishonlanishni boshlangan. Bayram chexiyalik vatanparvar talabalarning xotirasiga bagʼishlanib joriy qilingan.
1946-yil 17-noyabr kuni Praga shahrida butun dunyo talabalar kongressida tasdiqlangan. Lekin uning tarixi ikkinchi jahon urushi vaqtida Chexoslavakiyada boshlangan fojiali voqealarga taqaladi.
Gitler istilosi
Xalqaro talabalar kunini nishonlash kontekstini yaxshiroq tushunish uchun Ikkinchi jahon urushi oldidan Yevropa tarixiga nazar tashlash kerak. 1933-yilda Germaniyada hokimiyat tepasiga Adolf Gitler kelgan. Keyingi yillarda mamlakat o‘z chegaralaridan tashqarida bo‘lgan, ammo ular Germaniya Reyxiga tegishli deb hisoblagan hududlarga nisbatan tobora tajovuzkor da’volarni bildirgan.
1938-yilda Gitler o‘z vatani Avstriyani anneksiya qildi. Ko‘p o‘tmay Chexoslovakiya o‘z hududining bir qismidan voz kechishga majbur bo‘lgan va uchinchi Reyxga Chexoslovakiyaning hududlari ustidan nazoratni bergan. Chexoslovakiya bo‘linib, mustamlakaga aylangan.
Namoyishdan so‘ng qamoqqa olingan va sudsiz qatl etilgan talabalar
1939-yil oxirida Chexiya va Moraviya protektoratining natsist hukumati Pragada Charlz (Charles University) universitetining tibbiyot fakulteti talabalari tomonidan uyushtirilgan namoyishni bostirishdi. Namoyish 28-oktyabrda Chexoslovakiya Respublikasi mustaqilligi bayrami munosabati bilan bo‘lib o‘tgan. Ushbu namoyish paytida talaba Yan Opletal o‘qdan jarohatlangan, keyinchalik u 11 noyabrda olgan jarohatlaridan vafot etgan.
15-noyabr kuni uning jasadi Pragadan Moraviyadagi uyiga olib ketilishi kerak edi. Uning dafn marosimi tadbiri minglab talabalardan iborat natsistlarga qarshi namoyishga aylanib ketgan.
Biroq natsistlar hukumati bunga javoban shafqatsiz choralar ko‘rgan: ular barcha Chexiya universitetlarini yopdilar, 1200 dan ortiq talabani hibsga olib, ularni Sachsenhausen konslagerlariga yuborishgan.
Surgun qilingan 1200 nafar talabadan kamida 20 nafari qamoqdan omon qolmagan. Pragadagi Germaniya universitetidan tashqari barcha universitetlar urush oxirigacha yopiqligicha qoldi.
17-noyabrda esa to‘qqiz nafar talaba va professor sudsiz qatl etilgan. Ular:
Yozef Matushek — tarixchi va dotsent; Opletalning dafn marosimini tashkil etishda ishtirok etgan;
Yaroslav Klima — huquq fakulteti talabasi; Chexiya talabalari milliy assotsiatsiyasining Chexiya va Moraviya raisi, Opletalning dafn marosimida gestapo (fashistlarning maxfiy politsiyasi) tomonidan hibsga olingan talabalarni ozod qilishni so‘ragan;
Yan Vaynert — Bohemistika va germanshunoslik talabasi; Opletalning dafn marosimida Gestapo tomonidan hibsga olingan talabalarni ozod qilishni so‘ragan;
Yozef Adamek — yuridik fakultet talabasi; Chexiya talabalari milliy assotsiatsiyasining Chexiya va Moraviya kotibi;
Yan Cerni — tibbiyot fakulteti talabasi; Opletalning dafn marosimida Gestapo tomonidan hibsga olingan talabalarni ozod qilishni so‘ragan;
Marek Frauvirt — iqtisod fakulteti talabasi; Pragadagi Slovakiya elchixonasi xodimi sifatida natsistlardan qochishga uringan yahudiylarga soxta pasportlar bergan;
Bedrich Kula — huquq fakulteti talabasi; Chexiyadagi Chexiya talabalari uyushmasi kotibi;
Vatslav Shafranek — arxitektura fakulteti talabasi;
Frantisek Skorkovskiy — yuridik fakultet talabasi; Xalqaro talabalar konfederatsiyasi qo‘mitasi direktori, Chexiya talabalari milliy assotsiatsiyasining Chexiya va Moraviyadagi xorijiy bo‘limi raisi.
Tarixchilarning taxminlariga ko‘ra, natsistlar namoyish uyushtirilishini xohlashgani uchun dafn marosimiga ruxsat berishgan. Bu ularga Chexiya universitetlarni yopish va antifashist dissidentlarni tozalash uchun bahona edi.
1939-yil oktyabr va noyabr oylarida bo‘lib o‘tgan ikki namoyish Chexoslovakiya aholisining fashist kuchlariga qarshi yagona yirik qo‘zg‘olonlari bo‘lib qolgan.
Qiynoqqa solingan va qatl etilgan talabalar xotirasi uchun
Nemislar tomonidan bosib olingan Chexoslovakiyada talabalarga qilingan vahshiylikni qoralash va ularning xotirasini abadiylashtirishning ilk g‘oyasi 1940-yilda Chexoslovakiya armiyasi tomonidan Angliyada muhokama qilingan.
1941-yilda, voqealardan ikki yil o‘tib, Londonda (Buyuk Britaniya) Xalqaro talabalar kengashi bo‘lib o‘tdi, ular orasida bir qator qochqin talabalar ham bor edi. Kengashda ushbu voqea munosabati bilan 17-noyabr xalqaro talabalar kunini joriy etishga qaror qilingan.
Butun 1941-yil davomida boshqa mamlakatlar talabalarini 17-noyabrni xotirlash, nishonlash va natsistlarga qarshilik ko‘rsatish hamda barcha mamlakatlarda erkinlik va demokratiya uchun kurashni rag‘batlantirish kuni sifatida tan olishga ko‘ndirish ishlari olib borildi. Natijada, 14 ta davlat quyidagi bayonotga rozi bo‘lib, imzolagan:
‘‘Biz, Buyuk Britaniya va uning hududlari, shuningdek, Hindiston, Shimoliy va Janubiy Amerika, SSSR, Belgiya, Chexoslovakiya, Fransiya, Gretsiya, Xitoy, Gollandiya, Norvegiya, Polsha, Yugoslaviya va barcha erkin mamlakatlar talabalari fashistlar zulmiga birinchi bo‘lib qarshi chiqqan, 1939-yilgi bosqinni qoralagan, natijada qiynoqqa solingan va qatl etilgan talabalar xotirasi uchun 17-noyabrni Xalqaro talabalar kuni deb e’lon qilamiz’’.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda bu an’ana Xalqaro talabalar ittifoqi va bir qator boshqa tashkilotlar tomonidan kuzatildi.
17-noyabr bugungi kunda
Bugun Chexiya va Slovakiya 17-noyabrni «Ozodlik va demokratiya uchun kurash kuni» sifatida nishonlaydilar.
Biroq bu kun boshqa mamlakatlarda ham katta ahamiyatga ega. O‘zining qayg‘uli tarixi bilan 17-noyabr bugungi kunda talabalarni xotirlash va ularning faollik kunidir. Yevropa maktabi talabalari uyushmalarining tashkiliy byurosi OBESSU har yili talabalar va jamiyat uchun oliy ta’limni yanada kengroq miqyosda yaxshilash maqsadida turli tadbirlar orqali talabalarning o‘z huquqlaridan xabardorlikni oshirib boradilar.
-
O‘zbekistonda talabalarga eng ko‘p yetishmayotgan imkoniyat deb nimani bilasiz?
-
Agar bitta o‘zgarish kiritish imkoningiz bo‘lsa, talabalik hayotida nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
Ushbu savollarga o’z javobingizni @talimxabarlariga_bot orqali yuboring.



