Jizzaxda 1,5 yoshli qizaloq xususiy bog‘chada basseynga cho‘kib vafot etganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzaxda 1,5 yoshli qizaloq xususiy bog‘chada basseynga cho‘kib vafot etganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxda 1,5 yoshli qizaloq xususiy bog‘chada basseynga cho‘kib vafot etganligi haqida xabar tarqaldi.

 

Ma’lum qilinishicha, holat Mirzacho‘l tumanidagi “Mehrli yulduz” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan: tushlik payti bolalarni ovqatlantirishga olib chiqishda qizaloqni yo‘qotib qo‘ygan tarbiyachi biroz o‘tib uni basseyndan cho‘kkan holatda topgan.

 

 

Marhumaning onasi Kun.uz’ga yo‘llagan murojaatida holat 24-oktyabr kuni tumandagi “Mehrli yulduz” bog‘chasida sodir bo‘lgan.

 

“Qizim Feride Hamroqulova 2024 yil 5 may kuni tug‘ilgan. U basseynga cho‘kib o‘ldi. Hozircha biror huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bizdan xabar olmadi, so‘rab-surishtirmadi. Holat bo‘yicha hech kim izoh bermayapti”, deydi u.

 

Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi holatni tasdiqlagan.

 

“Bu ovqatlanishga chiqayotgan vaqtimizda sodir bo‘ldi. Soat 12:00 dan keyin tushlikka chiqamiz. O‘shanda yonimda edi. Boshqa bolalarning oyoq kiyimini kiydirgunimcha qayergadir ketib qolibdi. Oshxonaga ketgan deb o‘ylab, qolgan bolalarni asta-asta oshxonaga olib bordim. Ferideni basseyndan topdim, shunday suvning ustida turgan ekan, ko‘tarib oldim. Birinchi yordam ko‘rsatdik: ko‘kragini bosdik, tarbiyachimiz kelib, qo‘lini og‘ziga tiqib ko‘rdi, keyin rahbarimizning o‘g‘li bilan shifoxonaga olib bordik. Guruhimda 26 nafar bola bor, bir o‘zim qarayman. O‘sha kuni 23 nafari kelgandi”, degan tarbiyachi.

 

Qizaloq ushbu bog‘chaga 3 oktyabrdan kela boshlagan.

 

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan 27-oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.